Slendard Sint
Qobulning qulash voqeasi 2021-yil avgustida sodir bo‘lganida, bu Amerika uchun to‘satdan bir mag‘lubiyat emas edi. Balki bu, uzoq davom etgan bir fojianing yakuniy pardasi va Amerikadan kelib chiqqan johillik jarohatining ochilishi edi; bu jarohat dunyoni egallash xayoliga berilganlikdan paydo bo‘lgan edi.
Men yillar davomida razvedka tashkilotlarining yuragida ishladim va qanday qilib bu basirat ko‘rligi kundan-kunga chuqurlashayotganiga guvoh bo‘ldim. Siyosatlar haqiqatlarga emas, balki taskin beruvchi xayollarga asoslangan edi. Biz e’tiqodlarni kuch bilan sindirish mumkin, deb ishonardik. Insonlarning e’tiqodlari bombardimon ostida taslim bo‘ladi, deb o‘yladik. Ammo biz xato qilgan edik – bu fojiali bir xato edi!
11-sentabr hodisasidan so‘ng o‘zimizni tinchlantirishga harakat qildikki, bu hujumlar faqatgina ko‘r-ko‘rona nafrat natijasi edi. Biz tan olishni istamasdikki, 11-sentabrning rejalashtiruvchilari nafaqat o‘zlarini haqiqat tomonida deb hisoblardilar, balki buni o‘zlarining shar’iy burchlari deb bilardilar. Ular bu harakatni, o‘n yillab davom etgan AQShning harbiy tajovuzlari, halokatli sanksiyalar va musulmonlarning muqaddas zaminlariga bo‘lgan tahqirga qarshi zaruriy bir jihod deb bilardilar.
Ular 11-sentabrni tasodifiy zo‘ravonlik emas, balki mantiqan davom etayotgan bir qarshilik sifatida ko‘rardilar. Biz bu mantiqni tushunamizmi yo‘qmi, ular uchun bu muhim emas edi.
Biz ularning dunyoqarashi haqiqatini inkor etganimiz tufayli, aynan o‘sha xatolarni yana va yana takrorladik – bu esa bizga shunday javob qaytishiga sabab bo‘ldi.
Men hech qachon esdan chiqarmayman: Donald Ramsfeld – o‘sha davrda mudofaa vaziri – oldimda turganida unga Mulla Umar Usama bin Ladinni topshirishdan bosh tortganini aytishdi. U g‘azabdan qizarib ketdi. Mushtini stolga urdi va baqirdi: “Nega bu odam bunchalar boshqaruvga bo‘ysunmayapti? Nega odamlar aql chegarasidan chiqib ketishgan?”
So‘ng, o‘sha majlisda qatnashgan yosh zobit sifatida menga tikildi va g‘azabli ovozda so‘radi: “Xo‘sh, sen nima deysan? Umarni taslim qilish uchun necha bomba tashlashimiz kerak?”
Qo‘rquv va hurmat orasida qolgandim. Yuragim qattiq urayotgan edi. Ammo ayta olgan yagona javobim: “Janob! Biz qancha ko‘p bombardimon qilsak, ularning qat’iyati shuncha kuchayadi.”
Ramsfeld orqasini menga qilib o‘tirgan edi. Birdan to‘fondek o‘girilib, qo‘lidagi qalin bir papkani devorga otdi. Garchi u hech kimni nishonga olmagan bo‘lsa-da, men o‘zimni pastga egib qutuldim. Bu manzara – o‘sha yillar davomida ko‘rgan yuzlab befoyda g‘azab portlashlaridan biri edi. Ammo yillar o‘tib, urush bizning nazoratimizdan chiqqanida va haqiqatlar ochilganida, men tushundimki, o‘sha lahza naqadar katta bir sirni fosh qilgan edi.
Dunyoning eng qudratli kishilari o‘tirgan dabdabali saroyda, o‘zlari boshlab yuborgan urush mohiyatidan mutlaqo bexabarlik hukmron edi. Mulla Umar tomonidan Usamani topshirmaslik “qaysarlik” emasdi; bu Islom nuqtai nazaridan shar’iy bir burch edi. Afg‘onlar madaniyatida, panoh so‘rab kelgan mehmonni dushmanga topshirish eng kechirilmas jinoyat hisoblanadi.
Chet el bosqinchilariga qarshi jihod bu yerda bir “tanlov” emas, balki farzdir. Va AQSh askarlari Afg‘onistonga qadam qo‘ygach, qarshilik ko‘rsatish tanlov emas, mutlaq zaruratga aylandi.
Har safar biz urushni kengaytirsak, har bomba bilan, afg‘on xalqining diniy burch hissi chuqurlashdi va qarshilik alovi yanada jo‘sh urdi.
Biz CIA ichida necha kishi o‘ldirilganini, nechta viloyat “xavfsiz” bo‘lganini, necha milliard dollar sarflanganini hisoblab bordik. Ammo Tolibon na yer, na pul, na mansab uchun kurashayotgan edi; ular sadoqat uchun kurashayotgan edilar – Alloh uchun, izzat va vatan uchun.
Ular kurashar edilar, chunki e’tiqodlari ularga shuni buyurardi. Biz esa xato qilardik – ularning sobitqadamligini “qaysarlik” deb atab. O‘ylardikki, ko‘proq bosim o‘tkazsak, ko‘proq qurol va pul sarflasak, oxir-oqibat ular taslim bo‘lishadi. Biz juda katta xato qilgan edik. Bosimni oshirganimiz sayin, ularning irodasi yanada temirdek mustahkam bo‘lib bordi.
Afg‘oniston faqat kuchli bo‘lgani uchun emas, balki xalqining ildiz otgan e’tiqodga egaligi uchun g‘alaba qozondi. Ular uchun hayot shunchaki yashab qolish emasdi – ba’zi narsalar bor-ki, hayotdan ham qadrliroqdir.
Amerika mag‘lub bo‘ldi, chunki u bunday e’tiqodlar hanuz yashab turganini unutdi. Hech bir imperiya, qanchalik qudratli bo‘lmasin, bu kabi imonni bomba, pul yoki shior bilan yo‘q qila olmaydi. Amerika bu haqiqatni tan olmaguncha, uning har qanday kelgusi aralashuvi ham xuddi shunday sharmandali mag‘lubiyat va xorlik bilan tugaydi.