Bashir
Pokiston tashkil topganidan to bugungi kungacha mintaqada Afg‘oniston uchun doimo nomaqbul qo‘shni bo‘lib kelgan. Tarix bunga guvohki, Afg‘onistonda qanday hukumat hokimiyat tepasiga kelmasin, Pokiston har doim faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlagan. Qachonki uning manfaatlari Afg‘oniston manfaatlariga zid kelgan bo‘lsa, bunga qarshi chiqqan va hatto Afg‘oniston hukumatini ag‘darish uchun ham turli urinishlarni amalga oshirgan.
Islomiy Amirlik ikkinchi bor hokimiyatga kelganida, Pokiston ham o‘zining noto‘g‘ri odatiga muvofiq yana avvalgi siyosatini davom ettirdi. Pokiston bu safar Afg‘onistonda mamlakatiga chin dildan sodiq va xalq manfaatini ko‘zlaydigan insonlar hokimiyat tepasiga kelganini, ular uchun faqat din va mamlakat manfaatlari muhim ekanini hamda bu borada hech kim bilan kelishuvga bormasligini anglagach, Islomiy Amirlikka qarshi turli yo‘llar bilan faoliyat olib bordi.
U Islomiy Amirlikni xalqaro maydonda badnom qilishga va uni terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida ko‘rsatishga urindi. Shu bahona bilan Afg‘onistonning quruqlik va havo hududini buzib kirdi hamda mamlakatga ko‘plab hujumlar uyushtirdi. Natijada jamoat obyektlari vayron qilindi, son-sanoqsiz tinch aholi halok bo‘ldi. Bu jarayon bugungi kungacha ham davom etmoqda.
Afg‘oniston qirq yillik urushdan chiqib, endigina xavfsizlik va taraqqiyot nafasini his qila boshladi. Ko‘rinib turibdiki, Pokiston har qanday yo‘l bilan Afg‘onistonni yana urushga tortmoqchi.
Agar Rasululloh ﷺ siyratlari haqida chuqur fikr yuritsak, bugungi sharoitimiz uchun undan muhim saboqlar olishimiz mumkin. Rasululloh ﷺ Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida va u yerda o‘sha davrning urf-odati hamda sharoitlariga muvofiq musulmonlar uchun yangi davlatga asos solganlarida, musulmonlar dastlab zaif edilar va hech kim bilan qarshi kurashishga imkonlari yo‘q edi.
Shu sababli Xaybar yahudiylari va Madina ichidagi munofiqlar Nabaviy davlatga qarshi doimo fitna uyushtirib, turli to‘siqlar yaratib turgan bo‘lsalar-da, musulmonlar ular bilan urushga kirmadilar, balki sabr va bardosh bilan ish tutdilar. Bu davrda ular Nabaviy davlatning poydevorini mustahkamlashga va uning oldida turgan turli muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga harakat qildilar.
Nabaviy davlatning ushbu siyosatidan biz ham saboq olishimiz mumkin. Chunki Afg‘oniston bir necha o‘n yillik urushdan endigina chiqib keldi.
Islomiy Amirlik hozirgi sharoitda iqtisodiy, harbiy va boshqa sohalarda rivojlanishni istamoqda. Bunday vaziyatda biz sabr, bardosh va strategik sabr-toqat bilan ish tutishimiz kerak.
Afg‘onlar hissiyotga beriluvchan xalq bo‘lib, ba’zan o‘z tuyg‘ularini nazorat qila olmay qoladilar. Ammo bunday sharoitda urushdan ko‘ra tinchlikni afzal ko‘rish yaxshiroqdir.
Alloh taolo rahbarlarimizga har qanday sharoitda ham uzoqni ko‘zlab, oqilona va puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilish tavfiqini ato etsin.












