Arsala Hassan
Pokiston nomi faqat bu mamlakatdagi harbiy rejimga nisbatan qo‘llanmaydi. Bu yurtda millionlab insonlar ham yashaydi va ularning aksariyati musulmonlardir. Bu xalq islomiy shior va marosimlarga amal qilish bilan birga dunyoning boshqa musulmonlari xususan Afg‘oniston xalqi bilan umumiy bo‘lgan ko‘plab urf-odat madaniyat va an’analarga ega.
Ular yillar davomida islomiy davlatlar bilan qo‘shnichilik qilib kelgan. Bundan tashqari pokistonliklar ham boshqa mamlakatlar xalqlari ham turli davrlarda muhojir sifatida bir-birlarining yurtlariga borganlar. Boshqa tomondan, Pokiston xalqi ham boshqa musulmonlar singari hayotning barcha imkoniyatlari va asosiy huquqlaridan foydalanish huquqiga ega. Bu huquqlardan biri jamiyatdagi boshqaruv tizimidir. Mazkur tizim to‘liq islomiy bo‘lishi hokimlar esa xalqning barcha hayotiy huquqlarini ta’minlab va kafolatlab bera oladigan kishilar bo‘lishi kerak.
Hukumat xalqning jon-u hayoti sha’ni mol-mulki aqli dini va barcha qonuniy huquqlarini himoya qilishi kerak. Ammo ziddiyatlarga boy Pokiston hududida xalqni yuqorida sanab o‘tilgan huquqlardan to‘liq mahrum qilgan rejim hukmronlik qilmoqda.
Pokistonning harbiy rejimi mintaqa davlatlari va qo‘shnilari bilan tinchlik hamda o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar o‘rnatish, o‘z xalqi uchun xavfsiz va barqaror boshqaruv yaratish o‘rniga, aksincha, islomga va tinchlikka qarshi loyihalarni qabul qilib, ularni o‘z xalqi va qo‘shni davlatlarga qarshi qo‘llamoqda. Shu yo‘l bilan o‘zining sharmandali hukmronligini saqlab qolib, xalqdan turli to‘lov va badallar undirmoqda.
Ular o‘z hududlarida terrorchilik faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratgan, turli terrorchi guruhlarga boshpana berib, ularni o‘qitmoqda hamda yashirish va joylashtirish uchun lagerlar tashkil etmoqda. ISHID va Afg‘onistonning sobiq respublikasidan qochib chiqqan yovuzlik va buzg‘unchilik unsurlari ham u yerda to‘planmoqda. Ular Durand deb ataluvchi xayoliy chegara bo‘ylab tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda, ular uchun harbiy bazalar va o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Keyinchalik esa ulardan Afg‘oniston va Pokiston xalqlariga qarshi foydalanilmoqda. Bu holat nafaqat Afg‘oniston va Pokiston, balki mintaqa davlatlari uchun ham katta xavf tug‘diradi.
Pokiston harbiy rejimining yaqinda Afg‘oniston hududiga uyushtirgan havo hujumlari Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar xavfli keskinlik bosqichiga kirib borayotgani haqidagi xavotirlarni yana kuchaytirdi. Ushbu hujumlarda tinch aholi, ayollar va bolalarning halok bo‘lishi hamda yaralanishi bilan bog‘liq talafotlar tashvish uyg‘otmoqda. Pokiston xalqi o‘zidan shuni so‘rashi kerak: bir davlatning ichki xavfsizlik muammolarini boshqa mamlakatning qishloqlari, uylari, fuqarolik obyektlari va aholisini bombardimon qilish orqali hal etish mumkinmi?
Pokiston yillar davomida beqarorlik, ishsizlik, siyosiy inqiroz, iqtisodiy bosim va xavfsizlik bilan bog‘liq hodisalarning ko‘payishi bilan yuzma-yuz kelmoqda. Shunday ekan, bu muammolarning ildizlarini o‘z hududidan izlash o‘rniga, aksincha, ayb boshqalarga yuklanmoqda. Urushni Afg‘oniston tomon kengaytirish Pokiston xalqiga yanada ko‘proq muammolar olib keladi. Urush budjet mablag‘larini yutadi, iqtisodiyotni zaiflashtiradi, investitsiya va savdoga zarar yetkazadi hamda chegara chizig‘ining har ikki tomonida yashayotgan odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi.
Ammo muammoning yechimi terrorizmga qarshi kurash nomi ostida tinch aholining uylarini nishonga olish emas. Agar aniq terrorchilik nishoni mavjud bo‘lsa, uning dalillari taqdim etilishi va urush qoidalariga muvofiq ravishda tinch aholini himoya qilish uchun zarur choralar ko‘rilishi kerak.
2026-yilda Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida tuzilgan Makka kelishuvi a’zolardan biriga qilingan hujumni barcha a’zolarga qilingan hujum sifatida belgilaydi. Pokiston rejimi bundan vosita sifatida foydalanib, ana shu pok nomlar ostida nopok maqsadlarini amalga oshirmoqda. Afg‘onistonga nisbatan har qanday harbiy keskinlik kuchaygan taqdirda, yana bir savol o‘rtaga qo‘yilishi kerak: bunday harakatlar mintaqa barqarorligi, Pokistonning yangi mudofaa majburiyatlari va uning islomiy davlatlar bilan munosabatlarda e’lon qilgan tamoyillariga zid emasmi?
Xulosa qilib aytganda, Pokiston xalqi shuni bilishi kerakki, afg‘on bolalarini o‘ldirish orqali ularning iqtisodiy muammolari hal bo‘lmaydi, boshqa bir mamlakatni bombardimon qilish orqali ularning xavfsizligi ta’minlanmaydi va chegara chizig‘ining har ikki tomonida musulmonlarning qonini to‘kish mintaqa uchun kelajak qura olmaydi.
Pokiston va Afg‘oniston xalqlarini umumiy tarix, din, madaniyat, savdo aloqalari va oilaviy rishtalar birlashtirib turadi. Har ikki mamlakat xalqi uchun foydali yo‘l nizolarni boshqarish, tinch aholini himoya qilish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdir, urushni kengaytirish emas.
















