Ehson Sajidiy
ISHID DAISHning KALOMIY VA FIQHIY ASOSLARIGA TANQID
3 –ISHID DAISHning fiqhiy og‘ishlari tahlili: Shariat niqobi ostidagi jinoyatlar
ISHID DAISH guruhi islomiy shariatni joriy etayotganini da’vo qilib, aslida islom fiqhiga nisbatan eng katta xiyonatlardan birini sodir etdi. Bu yo‘ldan og‘gan guruh diniy tushunchalarni ochiqchasiga buzib, fiqhiy va islomiy matnlarni o‘z istagiga ko‘ra talqin qilgan holda, Islom dinining notog‘ri, zo‘ravon va haqiqatga zid bir ko‘rinishini namoyon qildi. Islom esa rahmat, hikmat, adolat va aql bilan qurilgan bir dindir.
Ularning amaliyotini diqqat bilan o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ular xalqning diniy his-tuyg‘ularidan suiiste’mol qilib, Islom fiqhini o‘z jinoyatlarini oqlash vositasiga aylantirganlar.
ISHID DAISHning fiqhiy og‘ishlari uch asosda qurilgan edi:
- Islomiy tushunchalarning buzilishi.
- Islom olimlari ijmosining inkori.
- Soxtalashtirilgan hukmlarning uydirilishi.
DAISH Qur’on oyatlari va hadislarni tanlab iqtibos qilgan, faqat yovuz maqsadlariga mos keladigan qismlarini olgan. Masalan, ular «قاتلوا المشرکین کافةً» oyatidan barcha musulmon bo‘lmaganlarni o‘ldirishni oqlashda foydalanganlar. Holbuki bu oyat ma’lum shartlarda nozil bo‘lgan bo‘lib, yirik mufassirlar har doim jihodning shartlari va chegaralariga urg‘u berganlar.
Fuqarolar va harbiy asirlar huquqlari borasida ham DAISH(ISHID) guruhining fiqhiy qoidalarni ochiqchasiga poymol qilgani ayon bo‘ladi. Islomiy mazhablar imomlari va yirik faqihlar bir ovozdan urushda ayollar, bolalar va tinch aholini o‘ldirish harom ekanini bayon qilganlar. Ammo DAISH(ISHID) nafaqat bu qat’iy qoidani mensimadi, balki o‘z jinoyatlarini faxr bilan targ‘ib qildi. Hatto jihod nikohi kabi mutlaqo islomiy bo‘lmagan tushunchalarni o‘ylab topdi, bu esa ularning axloqiy buzuqligini oqlash uchun diniy soxtalikdan foydalanganlarini ko‘rsatadi.
(ISHID) DAISHning eng yirik fiqhiy jinoyatlaridan biri takfir doirasini misli ko‘rilmagan darajada kengaytirish bo‘ldi. Ular o‘zlariga qarshi chiqqan har qanday musulmonni ochiqchasiga murtad deb e’lon qilar edilar. Holbuki, fiqhda takfir eng oxirgi chora bo‘lib, juda og‘ir shartlarga bog‘langan. Ahli sunna ulamolari qayta-qayta urg‘u berishgan: takfir shariy shartlarga qat’iy amal qilmasdan chiqarilsa, bu o‘zi katta gunoh sanaladi.
Yana bir ajablanarli jihat shuki, DAISH(ISHID) hatto mutaassib salafiy ulamolarning fatvolaridan ham oshib ketib, o‘zlariga xos fiqhiy tizim yaratishga urindi. Ilmiy va ijtihodiy salohiyatga ega bo‘lmasdan hukmlar chiqarar edilar bu hukmlarni hatto ularga eng yaqin kishilar ham rad etardi. Bu shuni ko‘rsatadiki, (ISHID) DAISHning asl maqsadi shariatni joriy etish emas, balki o‘zining cheksiz zo‘ravonligini oqlash bo‘lgan.
Madaniy va tarixiy meroslarni vayron qilish (ISHID) DAISHning boshqa bir fiqhiy jinoyati bo‘ldi. Ular zaif va isroiliy rivoyatlarga tayangan holda insoniyatning madaniy merosini yo‘q qilishga kirishdi. Holbuki islom ulamolari tarixiy obidalarni saqlashni insoniyat ilmining bir qismi deb bilganlar. Hatto DAISH(ISHID) izidan yurishni da’vo qilgan Ibn Taymiyya ham hech qachon bunday fatvolar chiqarmagan.
Xulosa qilib aytganda, DAISH(ISHID) guruhi nafaqat Islom vakili emas, balki bu dinga qarshi eng asosiy dushmanlardan biridir. Ularning amallari islomiy asoslar bilan shu qadar ziddiyatda ediki, hatto eng mutaassib kishilar ham ularni qo‘llab-quvvatlay olishmadi. Bugun har bir musulmonning vazifasi bu og‘ishlarni chuqur tushunib, yoshlarga va boshqalarga haqiqatni yetkazish, diniy tushunchalardan boshqa guruhlar tomonidan suiiste’mol qilinishining oldini olishdir. Islom bu rahmat va adolat dini, nafrat va xurofotni targ‘ib qilayotgan DAISH xavorijlari aytganidek emas.