Abu Javid
Islomiy tizimning afzalliklarini tahlil qilishni davom ettirib, bugun ushbu tizimning yana bir nechta fazilatlari bilan tanishtiramiz.
6- Qashshoqlik va nochorlikni yo‘q qilish
Qashshoqlik va nochorlik shunday muammoki, dunyodagi barcha davlatlar, tashkilotlar va xalqaro muassasalar uni bartaraf etishda ojizlik qilishgan. Biroq Islomning iqtisodiy tuzilishi shu qadar aniq va hayratlanarliki, u jamiyatdagi har bir insonni qashshoqlikdan xalos qilishi mumkin. Islomdagi zakot falsafasi shunday mukammalki, uni amalga oshirish natijasida hatto dunyoning eng rivojlangan mamlakatlarida ham bo‘lmagan bir muhit shakllanadi.
Zakot faqatgina qashshoqlarga va muhtojlarga yordam berishga qaratilgan. Zakotdan tashqari, sadaqalar, xayriya ishlari va baytulmol mas’uliyati ham Islom tizimining afzalliklari bo‘lib, boshqa tizimlar bundan mahrumdir.
7- Islom aqidaga asoslangan tizimdir
Islomiy tizim aqidaga asoslangan bo‘lib, dunyo va hayotga shu asosda qaraydi. Islomiy tizimda qavmparastlik, irqchilik va vatanparvarlik kabi tushunchalarga o‘rin yo‘q. Balki bu tizimga mansub insonlar bir-birlari bilan aqida va e’tiqod orqali bog‘langan bo‘ladilar. Ularni Islom rishtalari birlashtirib turadi. Shu bois qarshi kuchlar ularning birligini buzishga ojizlik qiladi va zamonaviy fitnachi shaxslar ham bu aqidaviy bog‘liqlikni yo‘q qilishga qodir bo‘lmaydi.
Rasululloh ﷺ marhamat qilib dedilar:
“Al-muslimu axul-muslim, la yazlimuhu wa la yaxzulu” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Ma’nosi: Musulmon – musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi va uni xorlikka tashlab qo‘ymaydi.
Shuningdek, boshqa bir hadisda Rasululloh ﷺ dedilar:
“Masalul-mu’minina fi tawaddihim wa tarahumihim wa ta’otufihim masalul-jasad” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ma’nosi: Mo‘minlarning o‘zaro mehribonliklari, rahm-shafqatlari va hamdardliklari bir tana kabidir.
8- Islomiy tizim to‘liq va har tomonlama mukammal tizimdir
Islomiy tizimning manbasi – Islomning o‘zi bo‘lib, u mukammal va komil din hisoblanadi. Shu bois Islomga asoslangan tizimlar ham mukammallik va to‘lalik xususiyatlariga ega. Islomiy tizimda hokim va xalqning vazifalari aniq belgilangan. Hokimning xalq bilan qanday munosabatda bo‘lishi, xalqning qanday yo‘l tutishi va Islomiy tizimning boshqa g‘ayriislomiy tizimlar bilan qanday muomala qilishi kerakligi aniq va tushunarli tarzda belgilab qo‘yilgan.
Hokim haqida ushbu fiqhiy qoida yetarlidir:
“Tasarruful-imami alar-ra’iyyati manootun bil-maslahati.”
Ma’nosi: Imomning (hokimning) xalq ustidan yuritadigan boshqaruvi manfaatga bog‘liqdir.
Ya’ni, hokim har doim xalqning manfaatini hisobga olishi lozim.
Shuningdek, Islom xalqga quyidagicha tavsiya qiladi:
“يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ” (سوره نساء، آیه ۵۹)
Ma’nosi: Ey iymon keltirganlar! Allohga, Uning Rasuliga va sizlardan bo‘lgan (halol) amirlaringizga itoat qiling!
Islomiy tizimning mukammalligi Qur’oni Karimdagi ko‘plab oyatlardan ayon bo‘ladi. Masalan, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Wa nazzalna ‘alaykal-kitaba tibyaanan likulli shay’” (Nahl surasi, 89-oyat).
Ma’nosi: Biz senga Kitob (Qur’on)ni nozil qildik, u hamma narsani bayon qiluvchidir.
Shuningdek, yana aytadi:
“ما فرطنا في الکتاب من شئ” (سوره انعام، آیه ۳۸)
Ma’nosi: Biz bu Kitobda hech narsani qoldirmadik (ya’ni, hamma narsani bayon qildik).
Shunday ekan, Islomiy tizimlar hayotning barcha jihatlarini qamrab oluvchi tizimlardir. Ularning tuzilishi va ishlash uslubi har bir jabha bo‘yicha aniq va tushunarli. Rasululloh ﷺ ning har bir qadami va so‘zlari bu tizimlar uchun muhim asos va dalildir. U zot butun insoniyat uchun mukammallik namunasidirki, olamning mutafakkir va donishmandlari ham U zotning yo‘liga taslim bo‘lishgan.