Xalil
Fikriy va tarixiy og‘ishning qisqacha xulosasi
Ushbu maqolalar turkumining yakunida endi ilmiy va ishonchli dalillar asosida asosiy savolga aniq javob berish mumkin: IShIDning Islom bilan qanday aloqasi bor? Javob ravshan: IShID nafaqat islomiy harakat emas edi, balki Islom ta’limotiga mutlaqo zid bo‘lgan oqim edi. Bu guruh Islom xalifaligi nomi ostida taqdim etgan tuzum aslida siyosiy va mafkuraviy loyiha bo‘lib, muqaddas Islom nomidan zo‘ravonlik, hokimiyatparastlik va hukmronlikni oqlash uchun foydalandi.
Ularning o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan tuzumi hech qanday shar’iy, axloqiy va insoniy legitimlikka ega emas edi hamda Islomning asosiy tamoyillariga ochiq va chuqur qarama-qarshi edi. «Islomsiz xalifalik» maqolalar turkumi ushbu mudhish hodisa tasodifiy emasligini, balki uning fikriy ildizlari Islom tarixining ilk asrlarida paydo bo‘lgan xorijiylar oqimiga borib taqalishini ko‘rsatdi.
Xorijiylar musulmonlarni takfir qilgan, zo‘ravonlikka diniy tus bergan va ilohiy dinni o‘z muxoliflarini yo‘q qilish vositasiga aylantirgan ilk guruh edi. IShID ham aynan shu og‘ishgan yo‘lni davom ettirdi, biroq zamonaviy vositalardan foydalanib, undan ham dahshatli va qonli zo‘ravonliklarni amalga oshirdi. Ular o‘zlarini Islomning yagona haqiqiy vakillari deb bildilar, o‘z qarashlariga qo‘shilmagan har qanday kishini kofir va murtad deb e’lon qildilar hamda uning qonini to‘kishni halol deb hisobladilar. Bu aynan xorijiylarning takfirchilik mantig‘i bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini undan ulkan fitna sifatida ogohlantirgan edilar.
IShIDning diniy manhajini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ular o‘z jinoyatlarini oqlash uchun shar’iy matnlarni ongli va tizimli ravishda buzib talqin qilganlar. Ular Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini tarixiy kontekst hamda shariatning rahmatga asoslangan maqsadlaridan ajratib, matnlarni tanlab va noto‘g‘ri talqin qilish orqali rahmat dinini zo‘ravonlik mafkurasiga aylantirishga uringanlar.
Oyatlardagi siyok, shariat maqsadlari va ummat ulamolarining ijmosi Islomning qat’iy asoslaridan hisoblanadi. Ammo IShID bu tamoyillarning barchasini ochiqchasiga inkor etdi. Bu esa IShID fiqhi sun’iy va soxta fiqh bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu fiqh odamlarni hidoyat qilish uchun emas, balki ularni aldash va terrorizmni qonuniy ko‘rsatish uchun yaratilgan edi. Musulmonlarni ommaviy takfir qilish, qullikni qayta tiklash, jamoaviy jazolarni qo‘llash va madaniy merosni vayron qilish kabi amallar asl Islom fiqhida mutlaqo o‘rin olmaydi. Bular faqat muxoliflarni bostirish va qo‘rquv hamda vahima muhitini yaratish vositasi edi.
Axloqiy nuqtai nazardan ham IShID Islomning mutlaqo qarama-qarshi tomonida turardi. Islom rahmat, adolat va hikmat dinidir. IShID esa o‘z yo‘lini shafqatsizlik aldov va takfir ustiga qurdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z risolatlarining maqsadini go‘zal axloqni kamolga yetkazish deb bayon qilganlar. IShID esa zo‘ravonlikni fazilat rahm-shafqatni esa zaiflik belgisi deb bildi. Qur’oni karim begunoh bir insonni o‘ldirishni butun insoniyatni o‘ldirish bilan teng deb baholaydi. Ammo IShID masjidlar bozorlar va jamoat joylarini portlatish ommaviy qirg‘in va qatliomlarni jihod nomi bilan oqlashga urindi.
IShIDning sud tizimi ham adolatni qaror toptirish vositasi emas balki o‘lim va qatl mashinasiga aylantirilgan edi. Islomda qozilik haqlarni tiklash va inson qadr-qimmatini himoya qilish uchun joriy etilgan bo‘lib ayblanuvchi shar’iy dalil bilan aybi isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanadi. Ammo IShID ning qonli sudlarida hukm sud boshlanishidan oldin chiqarilar qozi esa odil faqih emas balki harbiy qo‘mondonlarning buyruqlarini bajaruvchi jallod edi. Ular irtidod nifoq va fasod tushunchalarini haddan tashqari keng talqin qilib har qanday muxolifni shu doiraga kiritdilar va ommaviy qatl orqali dunyoga Islomning qo‘rqinchli va buzib ko‘rsatilgan qiyofasini namoyish etdilar.
IShID iqtisodiyoti ishlab chiqarish mehnat va adolatga emas balki talon-toroj bosib olish va tovlamachilikka asoslangan edi. Ular moliyaviy manbalarini odamlarning mol-mulkini tortib olish noqonuniy neft savdosi tarixiy yodgorliklarni kontrabanda qilish hamda tahdid va zo‘ravonlik orqali pul yig‘ishdan ta’minladilar. Ushbu noqonuniy boyliklar esa qurol sotib olish va terrorizmni kengaytirishga sarflandi. Islom iqtisodiyotida halol mulk va halol rizq asosiy tamoyillardandir. IShID esa iqtisodiyotni urush va qirg‘in mashinasini moliyalashtirish vositasiga aylantirdi.
IShIDning axborot sohasidagi jinoyatlari ehtimol uning harbiy jinoyatlaridan ham xavfliroq edi. Bu guruh keng ko‘lamli va professional targ‘ibot materiallarini ishlab chiqarib zo‘ravonlikni ulug‘ladi va yoshlarning ongini zaharladi. Soxta orzu qilingan xalifalik hayoti tasvirlari, qatl va qiynoqlar aks etgan videolar hamda dinning buzib talqin qilingan rivoyatlari jamoatchilikni aldash va yangi a’zolarni jalb qilish uchun tayyorlangan edi. Aynan shu targ‘ibot apparati sababli dunyoning ko‘plab odamlari Islomni shafqatsiz va qonxo‘r din sifatida tasavvur qila boshladilar va rahmat dini bo‘lgan Islomning qiyofasiga katta zarar yetkazildi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu maqolalar turkumidan kelib chiqadigan eng muhim haqiqat shuki, IShID Islomsiz xalifalik edi. U Islom nomidan foydalandi biroq bu dinning ruhi, qadriyatlari va asosiy tamoyillari bilan hech qanday aloqaga ega emas edi. Bu guruh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning haqiqiy merosxo‘ri ham Xulafoyi roshidin yo‘lining davomchisi ham Islomdagi biror e’tiborli mazhabning vakili ham emas edi. Aksincha u nafrat tarixiy adovatlar diniy johillik va hokimiyatparastlik mahsuli edi.
Qon to‘kish yolg‘on targ‘ibot va qo‘rquvni yoyishga asoslangan har qanday tuzum hech qachon xalifalik nomiga munosib bo‘la olmaydi. U aslida o‘lim vayronagarchilik va halokat timsolidir. Haqiqiy islomiy tuzum esa adolat rahmatI go‘zal axloq va inson qadr-qimmatini himoya qilish asosida quriladi. Axloqdan mahrum bo‘lgan xalifalik ming marta Islom nomini tilga olsa ham Islomdan ham mahrumdir.












