Sharqiy Afrikada faoliyat yuritayotgan, “Abnaa al-Xilafa” nomi bilan ham tanilgan Somaliydagi IShID bo‘limi 2015-yil oktyabr oyida Abdulqodir Mo‘min tomonidan tashkil etilgan. U avval ash-Shabob jihodiy harakati a’zosi bo‘lib, bu harakat ichida keskin fikrli va ixtilof chiqaruvchi shaxs sifatida tanilgan edi. U norozi va sodiq bo‘lmagan safdoshlari bilan birga Somalining yarim avtonom hududi — Puntlendda ushbu guruhga asos soldi.
Abdulqodir Mo‘min o‘zining savodsiz hamrohlari bilan birgalikda videomurojaat orqali IShID ning o‘sha vaqtdagi yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay’at berdi. Aynan shu bay’at Somaliydagi IShID bo‘limining tashkil topishiga asos bo‘ldi.
Xavfsizlik tahlilchilarining ta’kidlashicha, o‘sha davrda ash-Shabob harakati Somalida tez sur’atlar bilan kengayib, kuchayib borayotgan edi. Shundan so‘ng, Afrikadagi markaziy hukumatlar va xorijiy razvedka tashkilotlari jihodiy harakatlarni jilovlash maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan holda, Abdulqodir boshchiligidagi ushbu guruhni uzoq muddat rag‘batlantirib kelgan va uni Shomdagi IShID markazi bilan aloqada ushlab turgan.
Bay’atdan keyin bu bo‘lim dastlab juda kichik bo‘lib, ash-Shabob harakati va boshqa musulmon guruhlar bilan qattiq to‘qnashuvlarga kirishgan. Ammo 2017-yil dekabr oyida IShID markaziy rahbariyati ushbu guruhni rasman o‘z “viloyat”laridan biri sifatida tan oldi va unga “Viloyat as-Sumal” nomini berdi. Bu guruh asosan Puntlendda (Somalining shimoli-sharqida), ayniqsa tog‘li hududlarda faoliyat yuritadi.
Somaliydagi IShID bo‘limi o‘tgan yillarda nisbatan kuchsiz bo‘lgan bo‘lsa-da, 2024 va 2025-yillarda uning qayta kuchaygani va faollashgani yaqqol ko‘zga tashlandi. Ushbu qayta yuksalishning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
Birinchidan: Somalidagi markaziy hukumatning zaifligi va doimiy siyosiy beqarorlik IShID uchun qulay muhit yaratdi. Ayniqsa yarim avtonom Puntlend hududida davlat nazoratining sustligi, qabila nizolarining ko‘pligi va aholining og‘ir iqtisodiy ahvoli odamlarni umidsizlikka solmoqda. IShID ushbu bo‘shliqlardan foydalanib, odamlarni o‘z safiga jalb qilmoqda va mavqeini mustahkamlab bormoqda.
Ikkinchidan: Somalidagi IShID tarkibida xorijiy jangchilar soni keskin oshgan, ularning qariyb 60 foizi chet elliklardir. Bu jangchilar boshqa Afrika mamlakatlari va mintaqadan kelib, IShID uchun intizomli va kuchli harbiy kuchni tashkil etmoqda. Shuningdek, uzoq yillardan beri Somalida faol bo‘lgan Abdulqodir Mo‘minning IShID global rahbariyatidagi muhim o‘rni ushbu guruh uchun moliyaviy va logistika ko‘magini anglatadi.
Uchinchidan: IShID Puntlendda tovlamachilik (majburiy soliq) va hatto raqamli valyutalar orqali kuchli moliyaviy manbalarga ega bo‘ldi. Ular savdogarlar va kompaniyalardan oylik to‘lov talab qiladi, to‘lamagan taqdirda esa tahdid yoki hujum uyushtiradi. Masalan, 2024-yilda Bosaso shahrida ayrim shifoxonalar va yirik kompaniyalar aynan shu sabab bilan yopilishiga majbur bo‘lgan. G‘arb davlatlari va BMT hisobotlariga ko‘ra, IShID Somalida savdogarlar, kompaniyalar, import, chorvachilik va qishloq xo‘jaligidan “majburiy soliq” yoki “zakat” nomi ostida millionlab dollar yig‘moqda. Bu mablag‘lar jangchilarga maosh to‘lash, qurol sotib olish va yangi a’zolarni jalb etish uchun sarflanadi.
To‘rtinchidan: ash-Shabob harakati bilan raqobat hamda mintaqadagi umumiy beqarorlik (jumladan, G‘arb kuchlarining kamayishi va Afrika Ittifoqi missiyasining o‘zgarishi) IShID uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. IShID ash-Shabobga nisbatan kuchsizroq ko‘rinsa-da, global IShID tarmog‘i bilan bog‘liqligi tufayli moliyaviy va operativ ustunliklarga ega bo‘lib, bu uning tezroq o‘sishiga xizmat qilmoqda.