Ahmad Aziz
Paydo bo‘lishining ijtimoiy va siyosiy sharoitlari
IShIDning zamonaviy vayronkor hodisa sifatida paydo bo‘lishini, uning o‘sishi va kengayishiga zamin yaratgan siyosiy hamda ijtimoiy sharoitlarni tushunmasdan izohlab bo‘lmaydi. Bu guruh inqiroz va beqarorliklarga to‘la muhitda yuzaga keldi. XXI asrning dastlabki o‘n yilliklarida Yaqin Sharq ana shunday murakkab vaziyat bilan yuzma-yuz edi. Ushbu hodisani to‘g‘ri tahlil qilish uchun bir-biri bilan chambarchas bog‘langan omillar zanjirini ko‘rib chiqish zarur, chunki aynan shu omillar bunday guruhning paydo bo‘lishiga sharoit yaratdi.
Eng muhim omillardan biri 2003-yilda AQSh boshchiligidagi kuchlarning Iroqni bosib olishi bo‘ldi. Bu voqea mamlakatning siyosiy tuzilishini tubdan o‘zgartirdi. Bosqinchilar tomonidan armiyaning tarqatib yuborilishi va Baas partiyasi a’zolarining siyosiy maydondan chetlashtirilishi minglab harbiy zobitlar hamda davlat xizmatchilarining, ayniqsa sunniy jamoaga mansub kishilarning siyosiy va ijtimoiy hayotdan siqib chiqarilishiga sabab bo‘ldi.
Bu chora nafaqat Iroq jamiyatida keng norozilik to‘lqinini yuzaga keltirdi, balki yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ko‘plab harbiylarni qurolli muxolif guruhlar safiga qo‘shilishiga ham turtki berdi. Jamiyatda shakllangan ishonchsizlik va kamsitilish hissi isyonchi guruhlar uchun qulay yollash muhitini yaratdi.
Shu bilan bir vaqtda, 2011-yilda boshlangan Suriya inqirozi ham IShIDning paydo bo‘lishi va kengayishiga tezlashtiruvchi omil sifatida xizmat qildi. Suriyaning katta hududlarida davlat institutlarining qulashidan hosil bo‘lgan hokimiyat bo‘shlig‘ini IShID tezda egalladi. Mazhabiy mojarolar va Asad hukumati tomonidan namoyishchilarga nisbatan qattiq bosim o‘tkazilishi nafrat va qasoskorlik muhitini yuzaga keltirdi. Ekstremistik guruhlar esa bundan osonlik bilan foydalandi. Suriyaning sharqiy hududlari, ayniqsa Raqqa viloyati, IShID uchun xavfsiz boshpanaga aylandi va guruh faoliyatining kengayishiga imkon yaratdi.
Uchinchi omil Yaqin Sharqdagi milliy hukumatlarning muvaffaqiyatsizligida namoyon bo‘ldi. Keng tarqalgan korrupsiya, jamoat xizmatlarini taqdim etishdagi ojizlik va muxoliflarni bostirish markaziy hukumatlarga bo‘lgan ishonchni keskin zaiflashtirdi. Shunday vaziyatda IShID ayrim dastlabki xizmatlarni taqdim etish hamda shariat asosidagi davlat barpo etish da’vosi bilan mahalliy aholining bir qismini o‘ziga og‘dira oldi. Guruh nazoratidagi hududlarda ma’muriy va xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini tashkil etib, o‘zini korrupsiyaga botgan hukumatlarga muqobil sifatida ko‘rsatishga harakat qildi.
Arab yoshlari orasidagi shaxsiylik inqirozi va begonalashuv hissi ham IShIDning o‘sishiga ta’sir qilgan muhim ijtimoiy omillardan edi. Globallashuv va an’anaviy qadriyatlarning zamonaviylik bilan to‘qnashuvi yoshlar orasida ma’naviy sarosima va hayot mazmuni bilan bog‘liq inqirozni keltirib chiqardi. IShID esa dinning sodda va qat’iy talqinini taklif qilib, maqsad va ma’no bilan to‘la hayot va’da qildi. Bu ko‘plab yoshlar uchun jozibador ko‘rindi. Guruh diniy tuyg‘ularni qo‘zg‘atish va aniq tashqi dushmanlar obrazini yaratish orqali tarafdorlariga yolg‘on bo‘lsa-da, kuchli bir identitet berdi.
Bundan tashqari, mintaqaviy va global kuchlarning roli ham e’tiborga loyiqdir. Ayrim davlatlarning mintaqadagi ta’sirini kengaytirish uchun olib borgan raqobati mazhabiy zo‘ravonliklarning kuchayishiga olib keldi. Ba’zi mamlakatlar turli qurolli guruhlarni moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali bilvosita ekstremistik oqimlarning ham kuchayishiga zamin yaratdilar. Shu bilan birga, G‘arb davlatlarining Yaqin Sharqqa nisbatan asosan iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlariga asoslangan siyosati ham mintaqadagi beqarorlikda muayyan rol o‘ynadi.
Nihoyat, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining rolini ham inkor etib bo‘lmaydi. IShID ijtimoiy tarmoqlar va ilg‘or targ‘ibot vositalaridan mohirona foydalanib, o‘z xabarlarini dunyoning eng uzoq nuqtalarigacha yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Guruh bu vositalardan nafaqat yangi a’zolarni jalb qilish, balki raqiblar orasida qo‘rquv va vahima tarqatish uchun ham foydalandi.












