Ehson
Pokiston harbiy rejimi bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq chuqur ichki inqiroz girdobida qolmoqda. Iqtisodiy tanglik, jamoatchilik noroziligi, mazhablararo zo‘ravonliklarning kuchayishi hamda mamlakatning turli hududlarida, ayniqsa Xaybar Paxtunxva va Balujistonda qurolli muxolif guruhlarning paydo bo‘lishi ushbu rejim jiddiy muammolar va keng ko‘lamli beqarorlikka duch kelganini ko‘rsatmoqda.
O‘nlab yillar davomida o‘zini mamlakat xavfsizligi va barqarorligining kafolatchisi sifatida tanishtirib kelgan Pokiston armiyasi bugun muxolif guruhlar hujumlari va xalq noroziliklarining keng to‘lqiniga duch kelmoqda. Natijada uning ichki vaziyatni nazorat qilish qobiliyati jiddiy shubha ostida qoldi. Shunday sharoitda Pokiston rejimi jamoatchilik bosimini kamaytirish uchun muvaffaqiyatsizliklarini g‘arbdagi qo‘shnisi Afg‘onistonga yuklashdan boshqa yo‘l topmayapti hamda tajovuz va begunoh afg‘on xalqiga, ayniqsa sun’iy chegara chizig‘i yaqinida yashovchi tinch aholiga qarshi jinoyatlar orqali o‘zining zaifligi va mag‘lubiyatlarini yashirishga urinmoqda.
Bugungi kunda Islomobod uchun jiddiy muammoga aylangan Tehrik-i Tolibon Pokiston (TTP) aslida Pokiston rejimining yillar davomida o‘z xalqiga nisbatan yuritgan noto‘g‘ri va zolimona siyosati mahsulidir. Bu guruh Afg‘onistondan kirib kelgan hodisa emas, balki harbiy amaliyotlar, adolatsizliklar va Pokistonning qabila hududlari aholisiga nisbatan amalga oshirilgan zulmlar natijasida yuzaga kelgan.
Agar bugun TTP Pokiston rejimiga qarshi kurashayotgan bo‘lsa, bu holat Islomobod hukumati va armiyasining o‘z xalqiga qarshi olib borgan zolimona siyosatining bevosita natijasidir. O‘nlab yillar davomida harbiy hukmronlik bosimi ostida yashagan xalqdan jim turishni qanday kutish mumkin? Yillar davomida mintaqadagi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlagan, keyinchalik esa o‘z xalqini bostirgan Pokiston rejimi aslida qo‘zg‘olon urug‘ini o‘z qo‘llari bilan o‘z tuprog‘iga sepgan.
Korrupsiyaga botgan va muvaffaqiyatsiz Pokiston rejimi ichki bo‘hrondan qutulish uchun jamoatchilik e’tiborini Afg‘onistonga burishdan boshqa yo‘lni ko‘rmayapti. Ular havo va artilleriya hujumlari orqali sun’iy chegara yaqinidagi tinch aholini nishonga olib, bir tomondan o‘z xalqini “terrorizmga qarshi kurash” shiori ostida safarbar etishga, ikkinchi tomondan esa TTP oldidagi ojizligini kuch namoyishi bilan yashirishga urinmoqda. Bu tarix davomida zaif va ojiz rejimlar qo‘llab kelgan eskirgan usuldir. Ular ichki muammolarni hal qilish o‘rniga o‘z mag‘lubiyatlarini qo‘shni mazlum xalqlar zimmasiga yuklaydi va afg‘on bolalari hamda dehqonlarining qonini to‘kish orqali o‘zlarining bulg‘angan qiyofasini oqlashga harakat qiladi.
Ammo eng muhim masala shundaki, TTP va boshqa muxolif guruhlarning Afg‘oniston bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Ular Pokiston hududining o‘zida shakllangan bo‘lib, ularning ildizi aynan shu mamlakatning ichki muammolariga borib taqaladi. Islomiy Amorat boshqaruvidagi Afg‘oniston nafaqat bu guruhlarni hech qachon qo‘llab-quvvatlamagan, balki bir necha bor o‘z hududidan hech bir shaxs yoki guruhning boshqa davlatga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligini ham ma’lum qilgan.
Islomiy Amorat matbuot kotibi ham ochiq bayon qilgan: Afg‘oniston Pokistonning ichki muammolarida hech qanday rol o‘ynamaydi. O‘z muammolariga yechim topish Pokiston hukumatining vazifasidir. Pokiston rejimining Afg‘onistonga uyushtirayotgan hujumlari faqat uning ojizligini yashirish uchun xizmat qilmoqda va bu harakatlarning huquqiy, insoniy hamda islomiy jihatdan hech qanday asoslari yo‘q.
Pokistonning ichki inqirozlari shunday bosqichga yetdiki, mamlakat armiyasi kundan-kunga o‘zining ta’siri va qudratini yo‘qotmoqda. Muxolif guruhlar keng hududlarni nazorat ostiga olmoqda, Islomobod hukumati esa ularga qarshi samarali kurash olib bora olmayapti. Ana shunday notinch vaziyatda Pokiston rejimi aql va islohot yo‘lini tanlash o‘rniga qo‘shnisining qoni bilan o‘zini bezashga urinmoqda. Ammo bu niqob ertami-kechmi tushadi va mazlum afg‘on xalqi bu tajovuz hamda zulmlar qarshisida jim turmaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Inna Alloha la yuhibbul-mufsidin» ya’ni: «Albatta, Alloh fasod qiluvchilarni sevmaydi». Zolim va buzg‘unchilarning oqibati esa halokatdan boshqa narsa bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Pokiston rejimi bugun o‘z chegaralari ichida ko‘tarilgan bo‘ron Afg‘onistondan kelayotgan har qanday xayoliy tahdiddan ko‘ra ancha xavfli ekanini yaxshi anglab yetdi. Har bir yangi hujum bilan u nafaqat o‘zining ichki muammolarini yanada chuqurlashtirmoqda, balki afg‘on xalqining unga nisbatan nafrati va noroziligini ham kuchaytirmoqda. Bir vaqtlar mintaqaviy siyosatda mohir o‘yinchi sifatida tanilgan bu rejim bugun o‘zining asossiz va jinoyatkorona qarorlari girdobiga shunchalik chuqur botdiki, undan chiqish faqat tafakkur va xulq-atvorni tubdan o‘zgartirish bilangina mumkin bo‘ladi.
Ammo o‘sha kungacha afg‘on bolalari va dehqonlarining pok qoni tarix zulmatida ushbu rejimning haqiqiy qiyofasini yorqin mash’al kabi yoritib turadi va uni tanazzul hamda sharmandalik timsoli sifatida kelajak avlodlarga tanitadi. Chunki sabr-toqat, bag‘rikenglik va insoniylikdan mahrum bo‘lgan tuzum hatto o‘zining halokatidan ham ibrat olmaydi. Pokiston rejimi qanchalik urinmasin, bu haqiqat oxir-oqibat tarix sahifalarida uning o‘z amallari bilan muhrlanib qoladi.










