Atif
Islom sivilizatsiyasining tarixi va shakllanish bosqichlari
1 — Islom Payg‘ambari ﷺ davri
Makka Mukarramada Rasululloh ﷺning payg‘ambar qilib yuborilishlari bilan inson tafakkuri va shaxsiyatida tub burilish boshlandi.
Islom sivilizatsiyasi birdaniga shakllanib qolmagan, balki Rasululloh ﷺning payg‘ambar qilib yuborilishlari bilan boshlangan va asrlar davomida rivojlanib, taraqqiy etgan.
Rasululloh ﷺning payg‘ambar qilib yuborilishlaridan oldin, milodiy VI asrda insonlar o‘zlarining Xoliqi va Yaratuvchisidan ancha uzoqlashib ketgan, tushunish va hidoyat nuri hamda yaxshilik bilan yomonlikni ajratish mezonidan mahrum holda hayot kechirayotgan edilar. Ular oxirat uchun foydali bo‘lgan amallarga deyarli e’tibor bermas, doimo shaxsiy manfaatlarini umumiy manfaatlardan ustun qo‘yar edilar. Bu kulfatlar jamiyatlarni shu qadar qamrab olgan ediki, zulm, jinoyat, tajovuz, ta’qib, qiynoq, ozor yetkazish, talon-toroj, fahshning haddan tashqari tarqalishi va tabaqachilik jaholat sivilizatsiyasining asosini tashkil etar, insoniyatni o‘z joniga qasd qilish va hokimiyatparastlik sari yetaklar edi.
Aslida, insoniyat sivilizatsiyasining asoslarini ushbu muammolar va nosog‘lom holatlar shu qadar zaiflashtirib yuborgan ediki, kattalar kichiklarni qiynash payida bo‘lar, kuchlilar zaiflarni ezar, boylar esa kambag‘al qatlamni yutib yuborar edilar. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:
«Albatta, ularga katta azobdan oldin yaqin azobni tottiramiz. Shoyadki, ular qaytsalar».
[Sajda: 21]
Umuman olganda, dunyoning, xususan, Arabiston yarimorolining ahvoli yorqin va yaxshi kelajak uchun umidbaxsh manzara kasb etmas edi. Odamlar, jamiyatlar va xalqlar o‘z kelajagiga umid bilan qarab, o‘zlari hamda yangi avlodining hayotini saqlab qolish uchun yaxshi va yorqin kelajakni ko‘zlab harakat qilishlari, turli xavotir, qo‘rquv va umidsizliklardan yiroq holda hayotdan bahra olishlari hamda kelajaklari uchun hech qanday sa’y-harakatni ayamaydigan holatda emas edilar.
Boshqa tomondan esa, ma’naviyat shahvat va boylik qurboniga aylangan edi. Xalq kundan-kunga fazilatlarni tobora ko‘proq oyoqosti qilib, razolatga yuz tutar edi. Axloqiy qadriyatlar jamiyatda o‘z qadrini yo‘qotgan, buzuqlik va axloqsizlik esa eng yuqori cho‘qqisiga yetgan edi. Odamlar o‘rtasidagi masofalar kundan-kunga yaqinlik va rishtalardan ustun kelib borardi.
Shu bois Arabiston yarimorolida hukm surgan ana shunday nosog‘lom sharoitlar o‘zining payg‘ambarligi bilan buzilgan qadriyatlarga malham bo‘la oladigan, insoniyat hayotini ilohiy sunnat asosida boshqarib, uni maqsadli yo‘lga soladigan, bu og‘ir vaziyatdan olib chiqadigan, xalqni mislsiz tanazzuldan qutqaradigan va insoniyatga hujjatni to‘liq yetkazadigan Payg‘ambarning ﷺ yuborilishi uchun munosib zamin yaratgan edi.












