Abdulloh Otif
Islom musulmonlarni yagona ummat va bir tananing a’zolaridek deb biladi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ
Tarjimasi:Albatta, mo‘minlar o‘zaro birodardirlar.
Shuningdek, sharif hadisda
المسلمون كرجل واحد
Musulmonlar xuddi bir inson kabidirlar, deb kelgan.
Islom faqihlari aynan shu asosda quyidagi qoidani bayon qilganlar: agar yer yuzining biror hududida musulmonlarga zulm qilinsa va ular dushman qarshisida yolg‘iz qolsalar, avvalo, ularga yaqin hududlardagi musulmonlar uchun yordamga shoshilish farzi ayn bo‘ladi. Agar yaqin atrofdagi musulmonlarning yordami yetarli bo‘lmasa, bu vojiblik yaqin hududlardan uzoq hududlargacha kengayadi. Shu tariqa, Sharqdan G‘arbgacha yordam berishga qodir bo‘lgan har bir musulmonning mazlum musulmonlarga yordam berishi farz bo‘ladi.
Fiqhdagi mana shu bosqichma-bosqich tartibning o‘zi Islom nuqtayi nazaridan musulmonlar o‘rtasida bir musulmonning boshqa musulmonga yordam berishiga to‘sqinlik qiladigan qat’iy va muqaddas chegaralar tushunchasi mavjud emasligiga yaqqol dalildir. Agar biror chegara musulmonlarning bir-biriga yordam berishi va ko‘maklashishiga to‘sqinlik qilsa, bu chegara shar’iy to‘siq emas, balki siyosiy to‘siqdir. Bugun ko‘rib turgan chegaralarimiz mustamlakachilik davridagi bo‘linishlar natijasidir. Bir qavm, bir til va bir dinga mansub kishilar o‘rtasiga chiziqlar tortildi, har bir qism uchun alohida bayroq, milliy madhiya va pasport belgilandi hamda bular xalqlarga majburan joriy qilindi.
Yevropaga qarang! Yevropa davlatlari asrlar davomida bir-biri bilan urushdilar. Ammo ular aynan shu chegaralar va pasportlar taraqqiyotlariga to‘sqinlik qilayotganini anglaganlarida, Shengen bitimini imzoladilar va o‘zaro chegaralar hamda harakatlanish cheklovlarini bekor qildilar. Bugungi kunda Germaniya fuqarosi pasport va vizasiz Fransiyaga safar qiladi, Fransiya fuqarosi ham pasport va vizasiz Italiyaga boradi, u yerda ishlaydi va savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi.
Amerikaga ham qarang! AQShning 50 ta shtati bor va ularning har biri bizning mamlakatlarimizdan biri kabi katta hududga ega. Ammo bu shtatlar o‘rtasida biridan boshqasiga borish uchun viza talab qilinadigan chegaralar yo‘q. Kaliforniyadan Texasga borayotgan hech kimdan viza so‘ralmaydi. Hatto kofirlar ham shu haqiqatni anglab yetdilarki, agar o‘z xalqlarining taraqqiy etishini, o‘zaro hamjihatlik, fidoyilik, fidokorlik va birodarlikni mustahkamlashni istasalar, bu devorlarni qulatishlari kerak. Ular dunyoviy taraqqiyotga erishish uchun chegaralarni bekor qildilar. Shunday ekan, savol tug‘iladi: agar musulmon bo‘lmaganlar o‘z dunyoviy taraqqiyotlari uchun bu haqiqatni anglab yetgan bo‘lsalar, nega biz musulmonlar ham diniy taraqqiyotimiz va birligimiz uchun ayni shu haqiqatni anglamaymiz?
Bu zararlarning barchasi demokratiya natijasida yuzaga kelgan. Chunki demokratiya o‘z mohiyatiga ko‘ra milliy davlat (Nation State) tushunchasiga asoslanadi. Bu tushunchaga ko‘ra, har bir mamlakat musulmonlari faqat o‘z davlatlarining manfaatlari va maslahati bilan cheklangan holda qaraladi. Ushbu demokratik qarash nafaqat oddiy odamlarga ta’sir ko‘rsatdi, balki ulamolar ham undan ta’sirlandilar. Natijada aynan shu tushunchaga asoslangan ko‘plab fatvolar chiqarildi. Ularda: «Pokiston musulmonlari Pokistonga yordam berishlari kerak, Turkiya musulmonlari Turkiyaga yordam berishlari kerak», deyiladi. Boshqa mamlakatlarga nisbatan ham xuddi shunday yondashuv qo‘llanadi.
Bugungi davrda chiqarilayotgan rasmiy fatvolarga nazar tashlansa, go‘yo har bir mamlakat musulmonlari uchun alohida shar’iy hukmlar mavjuddek taassurot paydo bo‘ladi: Afg‘oniston musulmonlari uchun bir xil, Pokiston musulmonlari uchun boshqa xil, boshqa mamlakatlar musulmonlari uchun esa yana boshqacha hukmlar bordek. Islom fiqhida siyosiy tuzumning asosi demokratiya emas, balki xalifalik tushunchasi ekanligi kundek ravshan. Ajablanarlisi shundaki, bugungi kunda hatto diniy rahbarlar va ulug‘lar sifatida tanilgan ayrim ulamolar ham butun hayotlarini aynan shu demokratiyaga xizmat qilishga bag‘ishlaganlar va ochiqchasiga:Biz demokratiyaning saqlanib qolishi uchun kurashamiz! deydilar.
Qarang! Xalifalik tizimida hukmronlik Alloh taologa tegishlidir, qonun esa shariatdir. Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir musulmon ayni shu qonunga bo‘ysunadi. Xalifa muayyan geografik hududning vakili emas, balki butun ummat vakili hisoblanadi. Shu sababli xalifalik tizimida Falastin va Kashmir masalasi «tashqi siyosat» masalasi hisoblanmaydi, balki ichki masala sanaladi. Bu xuddi bir uyning xonalaridan birida yong‘in chiqsa, uyning barcha aholisi uni o‘chirishga kirishishiga o‘xshaydi.
Xalifalik mavjud bo‘lgan davrda musulmonlarning bir joydan boshqa joyga borishlari uchun bugungi kundagi vizalar talab qilinmagan. Bir musulmon Andalusdan Bag‘dodgacha zamonaviy sayohat hujjatlarisiz safar qilgan. Ammo demokratiya bu birlikni yo‘qqa chiqardi va bizga har bir davlat o‘z vizalari, chegaralari hamda milliy manfaatlari uchun javobgar ekanini o‘rgatdi. Natijada bugungi kunda Islom ummati yagona va birlashgan bir tana o‘rniga, a’zolari bir-biridan ajralib, tarqalib ketgan tanaga aylandi.
Bugun xalifalik mavjud emasligi barcha shar’iy hukmlar bundan buyon demokratiyaga bo‘ysunishi kerakligini anglatadimi?
Yo‘q, aslo!
Shu sababli shar’iy hukmlarga demokratiya nuqtayi nazaridan qaramasligimiz, balki ularni asl xalifalik tushunchasi va Islom fiqhining asosiy tamoyillari asosida o‘rganishimiz zarur.
Xulosa
Bir oz tafakkur qiling!
Agar kofirlar dunyoviy taraqqiyot va rivojlanish uchun chegaralarni bekor qilib, birlasha olsalar, nega biz musulmonlar o‘z dinimiz va ummat birligi yo‘lida birlasha olmaymiz?
Bu chiziqlar yer xaritalariga tortilgan, musulmonlarning qalblariga emas!
Modomiki, biz bu sun’iy butlarga muqaddas deb qarar va ular oldida bosh egar ekanmiz, Islom ummati ixtilof, zaiflik va azob-uqubatlar changalida qolaveradi. Endi tanlov o‘z qo‘limizda: Sayks–Piko bitimidan kelib chiqqan millatchilikni istaymizmi yoki Muhammad al-Arabiy sollallohu alayhi vasallam bizga tanitgan Islomiy birodarlikni?
وَمَا عَلَيْنَا إِلَّا الْبَلَاغُ














