Sa’id
Xavorijlarning asosiy aqidalari va muhim og‘ishlari
Xavorijlar zohiran Qur’oni Karimni tilovat qilar va uzoq sajdalar qilar edilar. Ammo aslida ular dinni uning zohiriy ko‘rinishlari bilan cheklab qo‘ygan edilar. Ularning og‘ishi ibodatni tark etishda emas balki shariatni noto‘g‘ri tushunish va ilohiy oyatlarni xato talqin qilishda edi. Shayxulislom Ibn Taymiyya (rahimahulloh)ning aytishicha xavorijlar bid’atining asosi bitta aqidaga tayanar edi. Bu esa insonni gunoh sodir etgani sababli takfir qilish edi. Ular har qanday katta gunohni kufr deb bilib bunday gunohni sodir etgan kishini abadiy jahannamga mahkum deb hisoblar edilar. Holbuki Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَن يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَن يَشَاءُ
(Niso surasi, 48-oyat).
Tarjimasi: Alloh taolo shirk gunohini kechirmaydi, ammo undan boshqa gunohlarni O‘zi xohlagan kishilar uchun mag‘firat qiladi.
Ushbu oyat shirkdan boshqa gunohlar ham kechirilishi mumkinligini ochiq-oydin bayon qiladi. Ammo xavorijlar gunohkorlarni takfir qilishda qat’iy turib olib bu oyatni e’tiborsiz qoldirdilar va Qur’oni Karimning ochiq-oydin hukmiga qarshi chiqdilar.
Ularning ikkinchi katta og‘ishi Hazrati Ali (r.a.) va Rasululloh (s.a.v.)ning ulug‘ sahobalarini takfir qilish edi. Xavorijlar o‘z pozitsiyalarini isbotlash uchun quyidagi oyatni dalil qilib keltirar edilar:
وَمَن لَّمْ يَحْكُم بِمَا أَنزَلَ اللَّهُ فَأُولَٰئِكَ هُمُ الْكَافِرُونَ
(Moida surasi, 44-oyat).
Ular Hazrati Ali (r.a.) Alloh taoloning hukmi o‘rniga hakamlikni qabul qilib, boshqa hukm asosida qaror chiqargani sababli kofir bo‘lgan, deb da’vo qilardilar. Ammo bu dalillash boshidan oxirigacha zaif va noto‘g‘ri edi. Chunki Qur’oni Karimning o‘zi er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni hal qilish uchun ikki hakam tayinlashni buyuradi:
فَابْعَثُوا حَكَمًا مِّنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِّنْ أَهْلِهَا
(Niso surasi, 35-oyat).
Qanday qilib Alloh taolo kichik bir masalada ikki kishining hakamlik qilishiga buyruq berib, ayni shu hakamlikni katta bir masalada kufr deb hisoblashi mumkin? Xavorijlar «hakam» tushunchasini qonun chiqarish va shariat belgilash doirasidan insonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish va vositachilik qilish sohasiga ko‘chirdilar so‘ngra ilohiy bo‘lmagan har qanday hakamlikni kufr deb hisobladilar.
Ular oyatning maqsadi Alloh taoloning hukmini inkor qiladigan yoki uni masxara qiladigan kishilar haqida ekanini musulmonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun vositachilik va hakamlikni qabul qiladigan kishilar haqida emasligini anglamadilar.
Ularning uchinchi og‘ishi muborak Nabaviy sunnatdan yuz o‘girish edi. Xavorijlar faqat Qur’oni Karimga ergashishlarini da’vo qilar va o‘zlarining gumonicha Qur’onga zid bo‘lgan har qanday hadisni rad etardilar. Ana shu qarashlariga asoslanib zino qilgan kishiga nisbatan toshbo‘ron qilish (rajm) shar’iy jazosini qabul qilmas Qur’oni Karimda bu hukm haqida hech qanday oyat yo‘qligini aytardilar.
Ammo bu da’voning o‘zi ularning ilmsizligiga yaqqol dalil edi. Chunki Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: «Menga Kitob va unga o‘xshash yana bir narsa ham ato etilgan».
Sunnat Qur’oni Karimning tafsiri va bayonidir. Shunday ekan, qanday qilib biror kishi Qur’oni Karimni to‘g‘ri tushunishni da’vo qilishi-yu ayni paytda sunnatni chetga surishi mumkin? Holbuki Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
Tarjimasi:Rasul sizlarga nimani bersalar, uni olinglar va sizlarni nimadan qaytarsalar undan qaytinglar.
Xavorijlar bunday yondashuvlari bilan aslida na Qur’oni Karimga, na Nabaviy sunnatga ergashar edilar. Balki ular Qur’oni Karimdan o‘zlarining shaxsiy tushunchalariga asoslangan holda ergashar va aynan shu qarashlarini Alloh taoloning dini deb hisoblar edilar.
Ularning to‘rtinchi og‘ishi musulmonlarning imomi va xalifasiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarishni vojib deb bilishlari edi. Xavorijlar imom biror gunoh sodir etsa yoki ularning fikricha, sunnatga zid ish qilsa, unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarish vojib bo‘ladi deb e’tiqod qilardilar. Bu aqida Rasululloh (s.a.v.)ning ochiq-oydin ko‘rsatmalariga zid edi. U zot (s.a.v.) shunday deganlar:Modomiki ular orasida ochiq-oydin kufri bavoḥni ko‘rmaguningizcha ularga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarmanglar.
Ahli sunna val jamoa ulamolari musulmonlar hukmdorining zulmiga sabr qilish musulmonlarning qonlari to‘kilishiga jamiyatda fitna tartibsizlik va beqarorlik yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan qo‘zg‘olondan yaxshiroq ekaniga ittifoq qilganlar. Shayx Ibn Boz (rahimahulloh) bu haqda shunday degan:
Xavorijlar gunohkorlarni takfir qilish orqali Rasululloh (s.a.v.) qaytargan yo‘lni tutdilar. Ular musulmonlarni gunoh sodir etganlari sababli kofir deb hisoblar va ularning qonlarini to‘kishni halol deb bilardilar.
Ularning beshinchi og‘ishi musulmonlarning qonlari va mol-mulkini halol deb bilishlari edi. Xavorijlar nafaqat o‘zlariga qarshi bo‘lgan kishilarni takfir qilar balki ularning qonlari va mol-mulklarini ham o‘zlariga muboh deb hisoblar edilar. Holbuki ular asl kofirlarga nisbatan ham bunday munosabatda bo‘lmas edilar. Rasululloh (s.a.v.) ularning xususiyatlaridan birini bayon qilib, shunday deganlar:
يَقْتُلُونَ أَهْلَ الْإِسْلَامِ وَيَدَعُونَ أَهْلَ الْأَوْثَانِ
(Muttafaqun alayh).
Ya’ni: «Ular musulmonlarni o‘ldiradilar, butparastlarni esa o‘z holiga qo‘yadilar».
Bu jumla xavorijlarning og‘ishini to‘liq aks ettiradi: tavhidni himoya qilishni da’vo qilgan bu kishilar qilichlarini faqat Allohga tavhid bilan ibodat qiluvchi musulmonlarga qarshi qinidan chiqarar edilar.
Ulug‘ sahobiy Xabbob ibn Aratning o‘g‘li Abdulloh ibn Xabbob Qur’oni Karimni o‘zi bilan olib ketayotgan bir paytda homilador ayoli bilan birga o‘ldirildi. Bu jinoyat xavorijlarning asl qiyofasini ochib berdi. Ular La hukma illa lillah (Hukm va hukmronlik faqat Allohgagina xosdir) shiori bilan maydonga chiqqan edilar ammo amalda La rahma illa lillah (Go‘yoki Allohdan boshqa hech kimga rahm-shafqat yo‘qdek) degan mazmunni namoyon qilib Alloh taoloning nomidan musulmonlarning qonini to‘kardilar.
Xavorijlarning og‘ishi turli jihatlarni qamrab olgan edi: Qur’oni Karimni tushunishda Nabaviy sunnatni anglashda imomat va xalifalikni bilishda hamda iymon va kufr chegaralarini belgilashda. Ular dinni uning zohiriy ko‘rinishlari bilan cheklab uning chuqur ma’nolari va haqiqatlaridan yuz o‘girgan edilar. Rasululloh (s.a.v.) ular paydo bo‘lishidan avvalroq shunday xabar bergan edilar:Ular Qur’onni tilovat qiladilar ammo u tomog‘laridan nariga o‘tmaydi.
Ya’ni Qur’on lafzlari ularning tillarida jaranglaydi ammo uning ma’no va mazmuni qalblariga singmaydi hamda to‘g‘ri tushunish va to‘g‘ri amalga olib bormaydi.
Tarixdan qoladigan unutilmas saboq shuki: kimki dinni ilmsiz va to‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lmasdan o‘rganishga kirishsa Alloh taologa yaqinlashish o‘rniga Unga qarshi kurash maydonida turib qolishi mumkin.












