Abdulvohid
Qur’onni ilmsiz va tafakkur qilmasdan tilovat qilish
Xavorijlarning Rasululloh(s.a.v) ning sahih hadislarida ham zikr qilingan muhim xususiyatlaridan yana biri shuki ular Qur’oni Karimni tilovat qilar ammo uning ma’no va mazmunini anglab yetmas edilar. Bu tilovat ularning xulq-atvori va amallariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmas edi. Aslida ular tilovat ahli bo‘lib Qur’oni Karimni juda ko‘p o‘qir edilar. Biroq ularning asosiy muammosi Qur’oniy ko‘rsatmalarni to‘g‘ri tushunish va ularga amal qilishda xatoga yo‘l qo‘yishlari edi.
Hozirgi davrda IShID nomi bilan paydo bo‘lgan guruh ham ilk Islom davridagi xavorijlarning aynan shu xatti harakatlarini takrorladi. Bu guruh o‘zining botil xalifaligini e’lon qilgan dastlabki kunlardanoq boshqa mujohidlar va musulmonlarni takfir qilib ularni Islom doirasidan tashqarida deb hisobladi. Ushbu guruh a’zolari o‘z chiqishlarining barchasida Qur’oni Karim oyatlariga tayanar uni ko‘p tilovat ham qilar edilar. Ammo ularning faoliyati va xatti-harakatlaridagi ochiq-oydin dalillarga asoslanib, Islom olamining ko‘plab ulamolari va haqiqiy mujohidlar ularni xavorij jumlasidan deb bildilar, boshqa musulmonlarni ular bilan hamroh bo‘lishdan qaytardilar va bu borada ogohlantirdilar.
Rasululloh(s.a.av) ular haqida shunday deganlar:
يَقْرَؤُونَ الْقُرْآنَ لَا يُجَاوِزُ حَنَاجِرَهُمْ
(Sahih al-Buxoriy, hadis: 7432)
Tarjimasi:Ular Qur’oni Karimni tilovat qiladilar, ammo u tomog‘laridan nariga o‘tmaydi.
Ushbu hadisdan maqsad ularning Qur’oni Karimdan umuman hech narsani tushunmaganlari yoki oyatlarning ma’nosiga e’tibor bermaganlari emas. Balki hadisda Qur’on tilovati bilan uni to‘g‘ri tushunish, shuningdek, ilm bilan amal o‘rtasidagi tafovutga ishora qilingan. Qur’oni Karim ko‘rsatmalari insonning qalbi, axloqi va xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatishi hamda uni taqvo, adolat va rahm-shafqat sari yetaklashi lozim.
Qur’oni Karimning o‘zi ham insonlarni o‘z oyatlari ustida tafakkur va chuqur fikr yuritishga chorlaydi:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ
(Niso surasi, 82-oyat)
Tarjimasi:Axir ular Qur’oni Karim haqida tafakkur qilib, fikr yuritmaydilarmi?
Shu bois Qur’oni Karimni tilovat qilish katta savob va fazilatga ega bo‘lsa-da, tilovat bilan bir qatorda oyatlar ustida tafakkur qilish, ularni to‘g‘ri tushunish, ko‘rsatmalariga amal qilish hamda tafsirning to‘g‘ri qoidalariga rioya etish ham zarurdir. Faqat bitta oyat yoki hadisga tayanib, boshqa shar’iy dalillar va qoidalarni e’tiborsiz qoldirgan kishi noto‘g‘ri xulosalarga kelishi mumkin.
Yuzaki tushunishning xavfli jihatlaridan biri shundaki, inson o‘zining shaxsiy qarashini yagona to‘g‘ri talqin deb biladi va o‘ziga qarshi chiqqan har qanday kishini Qur’oni Karim hamda dinga qarshi deb hisoblaydi. Bu esa ilmiy ixtilofning adovat va ekstremizmga aylanishiga olib kelishi mumkin. Demak, hadislarda bayon qilingan xavorijlarning ushbu xususiyatini bilish diniy masalalarda ilmning ahamiyati va mutaxassis ulamolarning qarashlariga murojaat qilish zarurligini ham ko‘rsatadi. Qur’oni Karimni to‘g‘ri tushunish uchun arab tilini, Rasululloh(s.a.v) ning sunnatlarini, oyatlarning nozil bo‘lish sabablarini va tafsir qoidalarini bilish zarur. Shuningdek, Qur’on oyatlari bilan nabaviy hadislar o‘rtasidagi bog‘liqlik va uyg‘unlikni anglash ham muhim ahamiyatga ega.
Binobarin, ushbu qismning asosiy sabog‘i shuki, Qur’oni Karim faqat tilovat qilish uchungina nozil qilinmagan, balki uni to‘g‘ri anglash, oyatlari ustida tafakkur yuritish va ko‘rsatmalarini amaliy hayotga tatbiq etish lozim. Ilm, taqvo va go‘zal axloq bilan birga bo‘lgan tilovat insonni Qur’oni Karimning maqsad va g‘oyalariga yaqinlashtiradi. Ammo noto‘g‘ri tushunish va haddan oshish bilan birga bo‘lgan tilovat hech qanday yo‘l yoki guruhning haq ekaniga mezon bo‘la olmaydi.















