Xolid Ahror
2026-yil aprel oyining so‘nggi kunlarida Pokiston kuchlari o‘z hududidan turib Kunar viloyatiga, xususan uning markazi Asadobod va unga tutash hududlarga halokatli raketa va minomyot hujumlarini amalga oshirdi. Afg‘oniston Islomiy Amirati rasmiylari, xususan hukumat matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat hamda Kunar axborot va madaniyat boshlig‘i Najibulloh Hanafiy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumlar natijasida 7 kishi halok bo‘lgan, 85 nafardan ortiq kishi esa jarohatlangan. Jarohatlanganlar orasida ayollar, bolalar va universitet talabalari ham bor.
Mazkur hujumlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sayyid Jamoliddin Afg‘oniy universitetini nishonga olgan. Natijada qariyb 30 nafar talaba va ustoz jarohatlangan, universitet binolari zarar ko‘rgan. Bundan tashqari, turar joylar ham vayron bo‘lgan va ta’lim jarayoni jiddiy izdan chiqqan. Kunarda yana o‘nlab maktablar ham zarar ko‘rgan, minglab bolalar ta’limdan mahrum bo‘lib qolgan. Pokiston rasmiylari bu xabarlarni asossiz va soxta deb rad etib, faqat terrorchi nishonlarga zarba berilayotganini da’vo qilmoqda. Ammo Islomiy Amiriyat nuqtayi nazariga ko‘ra, bu hujumlar ko‘r-ko‘rona va tinch aholiga qarshi harbiy jinoyat hisoblanadi.
Ushbu hujumlar Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida 2026-yil fevralidan buyon davom etib kelayotgan keskinlikning navbatdagi bosqichi bo‘lib, bu jarayonda ko‘plab fuqarolik hududlari, uylar va ta’lim muassasalari nishonga olingan.
Tinch aholi va ta’lim markazlarini nishonga olish sionistik uslublarga o‘xshash amaliyotdir. Pokiston kuchlarining ataylab afg‘onlarning uylarini, maktab va universitetlarini nishonga olishi sionistik rejim jinoyatlarini eslatadi. Xuddi sionistlar G‘azoda shifoxonalar, maktablar, universitetlar va turar joylarni bombardimon qilib, keyin ularni “Hamas nishonlari” deb ataganidek, Pokiston ham terrorchilar bilan bog‘liq markazlar bahonasi bilan ta’lim muassasalari va uy-joylarga zarba bermoqda. Natijada esa bolalar, ayollar va talabalar qurbon bo‘lmoqda.
Sionistlar Falastin xalqining ta’lim va madaniyat markazlarini nishonga olib, avlodlarni ildizidan uzish va qarshilik ruhini sindirishga urinadi. Pokiston ham Kunar va sharqiy viloyatlarda afg‘onlarning ta’lim maskanlarini nishonga olib, minglab talabalarni ilm va ma’rifatdan mahrum qilmoqda. Har ikkala yondashuvning maqsadi bir: musulmon jamiyatining ilmiy va ijtimoiy taraqqiyotini izdan chiqarish va tinch aholi orasida qo‘rquv muhitini yaratish.
Sionizm va uning tarafdorlari uchun ta’lim maskanlari “terror o‘choqlari” sifatida talqin qilinadi, holbuki ular aslida kelajak avlod uchun ilm va ong markazlaridir. Pokiston rejimi ham ayni shu mantiqdan foydalanib, Sayyid Jamoliddin Afg‘oniy universiteti kabi muassasalarni nishonga olmoqda bu esa buyuk musulmon islohchisi nomi bilan atalgan maskandir. Bunday hujumlar nafaqat harbiy jinoyat, balki afg‘on xalqining o‘zligi va kelajagiga qarshi tizimli zarba hisoblanadi xuddi G‘azo va Falastinda sodir bo‘layotgan voqealar kabi.
Afg‘on xalqi bunday zulmkor rejimlar qarshisida hushyorlik va qarshilik yo‘lida birlashib qolishi zarur. Chunki ularning uslubi bir xil: tinch aholiga hujum qilish va ta’lim maskanlarini yo‘q qilish.












