Hijoz Tamim
G‘arbdagi ashaddiy tarafdorlar tomonidan ISHIDning xorijlik jangchilarini (FTFs) yashirin moliyalashtirish
So‘nggi yillarda terroristik guruh ISHIDning moliyaviy manbalari ushbu guruhning faoliyati, global ta’siri va harbiy operatsiyalarini davom ettirishda hal qiluvchi omilga aylangan. Dunyoning turli nuqtalarida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu guruhning moliyaviy manbalari faqat mahalliy manbalarga neft sotish, talonchilik, bosim yo‘li bilan pul yig‘ish va xalqdan tushadigan yordamga bog‘lanib qolmagan. Balki Yevropada va boshqa G‘arb davlatlarida yashovchi tarafdorlar tomonidan xorijlik jangchilar uchun keng ko‘lamli yashirin moliyaviy tarmoq mavjud.
Ushbu tarmoq ISHIDni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning hayotiy yo‘li bo‘lib, guruhning global amaliyotlarini davom ettirishda inkor etib bo‘lmaydigan ahamiyatga ega. Yevropalik ashaddiy tarafdorlarning faoliyati tahlili shuni ko‘rsatadiki, ular kichik, ammo muntazam mablag‘lar to‘plash orqali va moliyaviy nazorat organlaridan qochish yo‘li bilan ISHID uchun pul yetkazib berishadi. Ulardan ba’zilari xayriya tashkilotlari, soxta tijoriy kompaniyalar, ijtimoiy sug‘urta tizimlarini aldash, noqonuniy bank kreditlarini olish, QQS (VAT) solig‘i bo‘yicha firibgarlik va naqd pul tashuvchilar orqali mablag‘ yig‘ish kabi usullardan foydalanishadi.
Bu yo‘llar nafaqat ISHID jangchilarining safar, o‘quv, jihozlanish va operatsion xarajatlarini qoplashga xizmat qiladi, balki G‘arb davlatlarining xavfsizlik organlari uchun ham kuzatuv va aniqlash jarayoniga jiddiy murakkabliklar keltiradi. Yevropalik ashaddiy tarafdorlar ISHID uchun mablag‘ yig‘ishning turli usullaridan foydalanadilar. Masalan, Turkiya–Suriya chegara shaharlaridagi Western Union, MoneyGram kabi pul o‘tkazish kompaniyalari Yevropadan ISHID nazoratidagi hududlarga pul o‘tkazishda keng qo‘llanadi.
Shuningdek, havala deb nomlanuvchi norasmiy pul o‘tkazish tarmog‘i ham ISHIDning moliyaviy tizimida muhim yo‘ldir, chunki u xalqaro bank tizimi tomonidan nazorat qilinmaydi va pul o‘tkazish maxfiy va murakkab mexanizmlar orqali amalga oshiriladi.
Yevropadan Suriya va Iroqning urush zonasiga ISHIDga qo‘shilish uchun yo‘l olgan xorijlik jangchilar soni katta edi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya ichki urushi boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqining qariyb besh ming fuqarosi ISHIDga qo‘shilgan. Ularning safar xarajatlari Yevropadagi ashaddiy tarafdorlar tomonidan tartibli va aniq tarzda moliyalashtirilgan.
Tarafdorlarning asosiy maqsadi har bir jangchini o‘z shaxsiy moliyasi va aloqalari orqali guruh uchun daromad manbaiga aylantirishdir. Shu yo‘l bilan ularga ISHID hududlarida yuqori mavqe va katta ta’sir doirasi beriladi, bu esa yanada ko‘p mablag‘ yig‘ishga yordam beradi. Ba’zi yevropalik tarafdorlar jinoyatchilik tajribasiga tayanib, noqonuniy yo‘llar orqali mablag‘ yig‘ishadi. Masalan, cho‘ntak o‘g‘riligi, bank firibgarligi, soliqdan bo‘yin tovlash va ijtimoiy sug‘urtani aldash kabi usullar orqali pul topishadi.
Bu faoliyat, ayniqsa, murakkab oilaviy muhitda ulg‘aygan, jinoyat tarixiga ega yoki jinoiy guruhlarda ishtirok etgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu yo‘llar orqali yig‘ilgan pul ISHID jangchilarining safar, jihozlanish va yashash xarajatlarining muhim qismini qoplaydi.
Bank firibgarligi va QQS bo‘yicha firibgarlik misollari bu masalaning jiddiyligini yaqqol ko‘rsatadi. Xabarlarga ko‘ra, Shvetsiyada 30 yoshli salafiy voiz soliq firibgarligi orqali taxminan 740 ming dollar miqdorida mablag‘ to‘plab uni ISHIDga yetkazgan. Buyuk Britaniya va Daniyada ham shunday holatlar qayd etilgan ashaddiy tarafdorlar bank kreditlari, ijtimoiy sug‘urta firibgarligi va soxta kompaniyalar orqali ISHID uchun pul yig‘ganlar.
Bu ishlar Yevropada xorijlik jangchilarni moliyalashtirish tizimli va muntazam jarayon ekanini ko‘rsatadi. Naqd pul tashuvchilari, oldindan to‘langan kartalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali mablag‘ yig‘ish ushbu moliyaviy tarmoqning muhim qismlaridir. Ushbu usullar Yevropadan ISHID nazoratidagi hududlarga pul yetkazishda qo‘llanilgan va guruhning operatsiyalari, jihozlanishi hamda mahalliy tarmoqlar faoliyatida hayotiy ahamiyatga ega.
Shuningdek, ushbu tarmoq Yevropa ichida ISHID tarafdorlarini moliyalashtirishda ham qo‘llaniladi va bu global terrorchilik amaliyotlari uchun muhim moliyaviy baza vazifasini bajaradi.
Xulosa qilib aytganda G‘arbdagi ashaddiy tarafdorlar tomonidan xorijlik jangchilarning yashirin moliyalashtirilishi ISHIDning global faoliyatining muhim qismidir. Bu tarmoqni tahlil qilish kuzatish va nazorat qilish ISHIDga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat uchun strategik zaruratdir. Ushbu tarmoqni aniqlash va zaiflashtirish nafaqat ISHIDning moliyaviy manbalarini cheklaydi, balki Yevropada jangchilarning oldini olish ashaddiy tarmoqlarni izdan chiqarish va global xavfsizlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Bu tarmoq ustida olib borilgan ilmiy tekshiruvlar ISHIDning global moliyaviy tarmoqlari, mahalliy tarafdorlarning kengayishi va ekstremistik guruhlararo o‘zaro aloqalar haqidagi bebaho ma’lumotlarni taqdim etadi. Bu esa huquqni muhofaza qilish organlari razvedka tarmoqlari va xalqaro moliyaviy nazorat institutlari uchun strategik rejalashtirishda asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.














