Abdulloh Oqif
So‘nggi kunlarda Turkiya ommaviy axborot vositalari Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) Pokiston hududida muvaffaqiyatli razvedka operatsiyasini o‘tkazib, IShIDning turkiyalik qo‘mondoni, ushbu guruhning eng ko‘p qidiruvda bo‘lgan shaxslaridan biri Uğur Bahadırni qo‘lga olgani va Turkiyaga olib ketganini xabar qildi. Bu voqea shunchaki oddiy bir shaxsning qo‘lga olinishi emas, balki butun mintaqa uchun katta ogohlantirishdir. Endilikda IShIDning xavfsiz panohgohlari, o‘quv markazlari va qo‘llab-quvvatlovchi tarmoqlari Pokiston hududida mavjud ekanini inkor etish uchun hech qanday bahona qolmadi.
Uğur Bahadırning ishi bu haqiqatning yaqqol namunasidir. U 2024-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiyadan Islomobod aeroportiga keladi va u yerdan hech qanday to‘siqsiz Balujistonning Mastung tumaniga yo‘l oladi. U yerda IShIDning tartibli o‘quv markazlaridan birida tashkil etilgan oltinchi o‘quv kursida qatnashadi va «Abdurahmon» taxallusi ostida o‘z faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik esa Xaybar-Paxtunxva viloyatining Orakzay tumaniga ko‘chiriladi. Savol shuki, xalqaro terrorchi qanday qilib bir mamlakatning bir chekkasidan ikkinchi chekkasiga bunchalik oson harakatlanishi, harbiy ta’lim olishi va qurolli guruhlarga qo‘shilishi mumkin? Bunday faoliyatni davlat ko‘magisiz amalga oshirish mumkin emas.
Ajablanarlisi shundaki, bir tomondan, Pokiston Turkiya bilan yirik mudofaa kelishuvlarini imzolamoqda. Jumladan, 2026-yil 7-avgust kuni Makka Mukarramada imzolangan Mudofaa sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv hamda shu yilning 21-oktabr kuni Dohada imzolangan Badr kelishuvida terrorizmga qarshi qo‘shma operatsiyalar o‘tkazish va razvedka ma’lumotlarini almashish masalalari tilga olingan. Boshqa tomondan esa, aynan shu Pokiston hududida nafaqat Turkiya, balki butun dunyo xavfsizligiga tahdid soluvchi unsurlar tayyorlanmoqda. Agar bu unsurlar Pokistonda mavjud bo‘lmaganida, Turkiya razvedka tashkiloti nima uchun Pokiston hududida operatsiya o‘tkazishga ehtiyoj sezardi? Dunyoning barcha hukumatlari ushbu voqeani jiddiy ravishda tekshirishi lozim.
Afg‘oniston Islom Amirligi bir necha bor Pokistonga ogohlantirish berib, dalillar taqdim etgan holda IShID markazlari Pokiston hududida joylashganini va ularni yo‘q qilish zarurligini bildirgan. Biroq Pokiston bu markazlarni yo‘q qilish uchun nafaqat hech qanday chora ko‘rmagan, balki aksincha, ushbu unsurlar Pokistonga qarashli o‘quv markazlarida tayyorlanayotgani haqida ham xabarlar mavjud.
Pokistonning maqsadi barchaga ayon. Bu mamlakat IShID unsurlarini tashkil etib, ulardan Afg‘onistonga qarshi vakillik urushida vosita sifatida foydalanmoqchi. Shu orqali Afg‘onistonda qaror topgan yagona islomiy tuzumni beqarorlashtirishni ko‘zlamoqda. Ammo Pokiston bir narsani ham o‘ylab ko‘rishi kerak: bugun Afg‘onistonga qarshi ishlatish uchun o‘z qo‘ynida parvarishlayotgan ilon ertaga Pokistonning o‘zini va uning ittifoqchisi Turkiyani ham chaqadi hamda ular uchun katta muammoga aylanadi.
Yodda tuting! IShIDning butun tarixi bu guruh hech kimga sodiq bo‘lmaganini, aksincha, eng avvalo o‘z homiylari va uni tarbiyalagan kuchlarni nishonga olganini yaqqol isbotlaydi.
IShID dastlab Afg‘onistonga kirib kelganida, Islom Amirligi unga nisbatan ma’lum darajada murosali munosabatda bo‘ldi. Chunki o‘sha paytda Islom Amirligi Amerika va uning ittifoqchilariga qarshi urush bilan band edi hamda dushmanlari sonini kamaytirishni istardi. Biroq bu shaxslarning mujohidlar niqobi ostida aslida Islomning ham dushmanlari ekani ayon bo‘lgach, Islom Amirligi ularga qarshi choralar ko‘rishni boshladi.
Shundan so‘ng IShID o‘z hujumlarining asosiy qismini Afg‘onistonning oddiy musulmonlariga qarshi yo‘naltirdi. Masjidlar, diniy madrasalar, shifoxonalar va jamoat joylariga hujum qilish orqali bu guruhning asosiy maqsadi islomiy tuzum barpo etish emas, balki musulmonlar qonini to‘kish ekanini isbotladi.
IShID bundan oldin ham Turkiyaga xiyonat qilgan. Suriya urushi boshida Turkiya Bashar Asad hukumatini zaiflashtirish maqsadida ayrim jihodiy guruhlarga nisbatan yumshoqroq siyosat yuritgan edi. Xo‘sh, buning natijasi nima bo‘ldi? IShID Turkiyaning o‘z hududida Anqara, Istanbul va Suruch shaharlarida qonli hujumlar uyushtirdi. Bu hujumlar oqibatida yuzlab turkiyalik fuqarolar halok bo‘ldi. Ushbu voqealardan so‘ng Turkiya o‘zining razvedka tashkiloti (MIT) orqali IShIDga qarshi qat’iy operatsiyalar boshlashga majbur bo‘ldi.
Bugun Uğur Bahadır kabi turkiyalik fuqarolarning Pokistonda qo‘lga olinishi ana shu zanjirning yana bir halqasidir. Bu voqealarning asosiy sababi shundaki, IShIDning e’tiqodiga ko‘ra, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Afg‘oniston kabi bugungi barcha islomiy davlatlar to‘g‘ut hisoblanadi va ularni yo‘q qilishni vojib deb biladi. IShID hech qanday mudofaa kelishuvini tan olmaydi, chegaralarni ham, konstitutsiyani ham e’tirof etmaydi. Bu guruh nuqtayi nazaridan Makka va Badr kelishuvlarining har ikkisi ham botildir.
Agar bugun IShID a’zosi Pokistondagi o‘quv markazlaridan birida Afg‘onistonga yuborilish maqsadida joylashtirilgan bo‘lsa, ertaga aynan shu markazdan chiqib, Islomobod, Lahor va Anqarada ham hujumlar uyushtirishi mumkin. Chunki IShID nazarida bu mamlakatlarning barchasi birdek dushmandir. Shu bois Pokiston IShIDning yollanma qotillaridan foydalanish siyosati siyosiy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘z joniga qasd qilish bilan barobar ekanini anglashi kerak. Bu bugun Afg‘onistonni yoqib yuborish uchun alangalatilayotgan olovdir, ammo ertaga ayni shu olov Pokiston va uning yangi ittifoqchilarini ham o‘z alangasi ichiga tortib ketadi.












