Akbar jamol
Ammo bu yerda Hudaybiya sulhiga oid ayrim tarixiy misollarni ham keltirsak, masala yanada ko‘proq dalillar bilan mustahkamlanib, ravshanlashadi. Agar Doha kelishuvidagi o‘t ochishni to‘xtatish shartiga faqat siyosiy zarurat nuqtayi nazaridan emas, balki Payg‘ambarimiz ﷺ siyratlari nuqtayi nazaridan qarasak, bir haqiqat quyoshdek ravshan namoyon bo‘ladi: Islomning haqiqiy yoyilishi va taraqqiyoti urush maydonidan ko‘ra ko‘proq tinchlik davri bilan bog‘liq bo‘lgan.
Islom tarixining eng hayratlanarli va ibratli jihatlaridan biri shundaki, Hudaybiya sulhidan keyingi atigi ikki yil ichida islomiy da’vat shu qadar mislsiz darajada kengaydiki, undan oldingi o‘n sakkiz yil davomida kechgan og‘ir kurashlar va qonli urushlarda ham bunday kengayishga erishilmagan edi. Bu tarixiy haqiqatning eng muhim va ishonchli dalillaridan biri Hudaybiya sulhi paytidagi musulmonlar soni bilan Makka fath etilgan vaqtdagi musulmonlar sonini taqqoslashdir.
Masalani batafsil o‘rganadigan bo‘lsak, Islom tarixi va Payg‘ambarimiz ﷺ siyratlarini chuqur tadqiq qilish shuni ko‘rsatadiki, nubuvvat e’lon qilinganidan Hudaybiya sulhigacha bo‘lgan davr harbiy va siyosiy jihatdan mislsiz harakatlar hamda keskinliklarga boy bo‘lgan.
Makkada o‘n uch yil davomida musulmonlar og‘ir zulm va iqtisodiy qamalga duch kelgan bo‘lsalar-da, ularga urush qilishga izn berilmagan edi. Ammo Madinai Munavvaraga hijratdan so‘ng va tartibli islomiy davlat barpo etilgach, Islom yurtini himoya qilish hamda fitna va fasodni bartaraf etish uchun jihod hukmi joriy qilindi.
Shu sababli Madinai Munavvaraga hijratdan to oltinchi hijriy yilgacha amalga oshirilgan harbiy harakatlarning tafsilotlari hayratlanarlidir. Chunki Hudaybiya sulhigacha amalga oshirilgan katta-kichik harbiy yurishlarning umumiy soni «g‘azavot» va «saroyalar» deb atalgan yurishlarni qo‘shib hisoblaganda oltmishdan yetmishtagacha deb zikr qilinadi.
Ushbu harbiy harakatlarning qariyb o‘n to‘qqiztasida Hazrati Nabiy Karim ﷺ shaxsan ishtirok etganlar. Qolgan qirq-ellikga yaqin sariya larda esa sahobai kirom roziyallohu anhum qo‘mondonlik qilgan va turli hududlarga yuborilganlar. Badr Uhud va Xandaq kabi yirik janglar ham aynan shu davrning tarixiy yodgorliklaridir.
Bu davrda musulmonlar o‘rtacha har ikki yoki uch oyda bir marta mudofaa harakati yoki harbiy amaliyotga duch kelganlar. Shu bois bu davr uzoq davom etgan beqarorlik xavotir va uzluksiz urush holati bilan ajralib turgan.
Yuqoridagi tarixiy haqiqatlarga asoslanadigan bo‘lsak urush avjiga chiqqan sharoitda Islom da’vati va uning yoyilishi naqadar qiyin bo‘lganini yanada yaqqol anglash mumkin.
Bir oz o‘ylab ko‘ring! Nubuvvat e’lon qilinganidan Madinai Munavvaraga hijratgacha o‘n uch yil, undan keyin Hudaybiya sulhigacha yana olti yil o‘tdi. Ya’ni jami o‘n sakkiz yillik uzluksiz kurash va oltmishdan ortiq harbiy harakatlarga qaramay Hudaybiya sulhi paytida musulmonlar lashkari bor-yo‘g‘i qariyb bir ming besh yuz kishiga yetgan edi.
Ammo ushbu sulhning barakoti bilan urushning achchiq kunlari tinchlik va imkoniyatlar davriga aylangach Hudaybiya sulhidan Makka fathigacha bo‘lgan qisqa ikki yil ichida Islomni qabul qilganlar soni mislsiz darajada ko‘paydi. Makka fath etilgan vaqtda musulmonlar lashkari o‘n ming kishidan oshgan edi. Ya’ni atigi ikki yillik tinchlik davrida Islomni qabul qilganlar soni o‘n sakkiz yil davomida musulmon bo‘lganlar sonidan olti barobardan ham ko‘proqni tashkil qilgan.
Bu raqamlarning o‘zi Islomning fikriy va tamadduniy jihatdan yoyilishi uchun tinchlik hijratdan Hudaybiya sulhigacha bo‘lgan o‘nlab urushlarga qaraganda ancha samaraliroq bo‘lganiga yaqqol dalildir.
Tinchlik odamlarga xotirjam fikrlash va Islomning iqtisodiy, ijtimoiy hamda axloqiy tizimini yaqindan ko‘rish va anglash imkonini berdi. Urush shovqini, qilichlar jarangi va jangovar muhitda esa bunday imkoniyat deyarli mavjud emas edi.
Shu bois avval boshida ilgari surganimiz: Islomda urush vaqtinchalik zarurat bo‘lsa, tinchlik insoniyat o‘z saodat va najot yo‘lini topishi uchun doimiy va haqiqiy maqsaddir, degan asos bu yerda o‘z haqiqatini yanada yaqqol namoyon qiladi.
Shuning uchun tarixning buyuk olimlari, jumladan Imom Ibn Shihob Zuhriy va alloma Ibn Hishom Islom tarixida Hudaybiya sulhidan buyukroq g‘alaba yo‘qligini ta’kidlaganlar. Chunki qilichlar qinga solinib, insonlarga bir-biriga yaqinlashish, suhbatlashish hamda islomiy hayot tizimini yaqindan eshitish va anglash imkoniyati berilgach, har qanday oqil inson uning haq ekaniga amin bo‘lgan.
Ushbu tinchlik davridagi fikriy ustunlikning natijasi o‘laroq, Hazrati Xolid ibn Valid va Hazrati Amr ibn Os roziyallohu anhumo kabi buyuk va daho shaxslar, shuningdek, yillar davomida o‘z kuch va qobiliyatlarini Islomga qarshi kurashga sarflagan arablarning kuchli tafakkur egalari ushbu tizimning axloqiy va tamadduniy go‘zalligini ko‘rganlaridan so‘ng Islomni qabul qildilar.
Qur’oni Karim aynan shu sulhni Fathun mubin ochiq-oydin g‘alaba deb atagan. Chunki bu yerda gap faqat yerlarni fath etish haqida emas, balki qalblarni fath etishning boshlanishi haqida edi.
Makka mushriklari va boshqa qabilalar musulmonlarni endi faqat jangovar guruh sifatida emas, balki tartibli davlat va yuksak tamaddun sifatida ko‘ra boshlaganlarida yillar davomida haqiqatni ko‘rishga to‘sqinlik qilib kelgan taassub va nafrat butlari ham ularning ongida parchalandi.
Ya’ni insoniyat uchun do‘zaxdan najot topish va jannat sari yo‘l olish safarini boshlash imkoniyati yuzaga keldi.
Shu sababli yuqorida keltirilgan raqamlar inkor etib bo‘lmaydigan tarzda shuni ko‘rsatadiki, Islomning yoyilishi uchun tinchlik davri urushga qaraganda ancha qulay va samaraliroqdir. Chunki tinchlik sharoitida yuksak va qudratli tafakkur egalari fikrlash va mulohaza yuritish imkoniga ega bo‘ladilar.
Davlat esa o‘zining iqtisodiy va axloqiy qudrati orqali shunday bir inqilobni yuzaga keltirishi mumkinki, uni porox kuchi bilan amalga oshirishning iloji yo‘q.









