Ehson
Islomiy tafakkur nuqtayi nazaridan, «farmon» shunchaki ma’muriy hukm yoki siyosiy qaror emas. Balki u Amirul-mo‘minin (Alloh taolo uni asrasin) tomonidan chiqarilganida, uning manbasi va shar’iy asosi nimadan iborat ekani asosiy savolga aylanadi.
Afg‘oniston Islom Amirligi rahbari Shayxulislom Hibatulloh Oxundzoda (Alloh taolo uni asrasin) ochiq-oydin shunday degan: «Islom Amirligining qonun va farmonlari bir necha kishining qarashlari emas, balki Alloh jalla jaloluhuning dini va insonlarni Alloh jalla jaloluhuning diniga chorlaydigan barcha islomiy hukmlardir».
Bu so‘zlar farmonni shunchaki hukumat qarori sifatida emas, balki diniy hujjat maqomida ko‘radi. Shu bois uning shar’iy asoslarini o‘rganish zarur hisoblanadi.
1. Farmonlarning ibodat va muomalot qismlariga bo‘linishi
Islom Amirligi rahbari (Alloh taolo uni asrasin) farmonlar ikki yo‘nalishda chiqarilishini aytgan: «Ularning bir qismi Alloh taoloni ulug‘lash va Unga ibodat qilish bilan bog‘liq bo‘lib, namoz, ro‘za va boshqa ibodat hukmlarini o‘z ichiga oladi. Ikkinchi qismi esa Alloh jalla jaloluhuning maxluqotlariga bo‘lgan rahmati va shafqati bilan bog‘liq hukmlardir».
Bu tasnif mumtoz fiqhiy yondashuvni yodga soladi. Ushbu yondashuvda ibodatlar va muomalotlar bir-biridan ajratilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, Islom Amirligi qarashlarida ikkinchi qism faqat fiqhdagi istilohiy ma’noda muomalot bilan cheklanmaydi, balki keng ma’nodagi axloqiy rahm-shafqat tushunchasini ham qamrab oladi. Yetimlar, beva ayollar, nogironlar va muhtoj kishilarning huquqlari ham shu qismga kiradi. Shu tariqa rahm-shafqatning keng mazmuni fiqh bilan axloq, huquq va rahmat o‘rtasida bog‘liqlikni yuzaga keltiradi.
2. Itoatning shar’iy vojib sifatidagi o‘rni
Islom Amirligi Markaziy Doruliftosi «Itoatning shar’iy tuzumni mustahkamlashdagi ta’siri» nomli risolani nashr etgan. Ushbu risolada amirga itoat Alloh jalla jaloluhuga va Uning Rasuliga (s.a.v.) itoat qilish bilan teng darajada bayon etilgan.
Bu dalillash mo‘minlarni ulul-amrga itoat qilishga chaqiruvchi Qur’on oyatlariga asoslanadi. Ahli sunna val jamoa manhajida hukmdorga itoat qilish Alloh jalla jaloluhuga osiylik qilishga va shariat hukmlariga zid kelmaslik sharti bilan vojib hisoblanadi. Hadisi sharifda ham: «La toata fi ma’siyatillah» (Allohga osiylik bo‘lgan ishda itoat yo‘q), deb kelgan. Ushbu hadis aynan shu tamoyilni ta’kidlaydi. Islom Amirligi qarashlarida ham farmonlar diniy nasslarga asoslanadi va amaliyotda Islom shariatiga zid kelmaydi.
3. Hanafiy fiqhining amaliy tatbiq uchun manba va mezon sifatidagi o‘rni
Islom Amirligi rahbari farmonlarni umumiy ma’noda islomiy hukmlar deb biladi. Ijroiy sohada esa «Da’ot» qonunida da’vatchilarga hanafiy mazhabiga amal qilishni tavsiya etadi.
Afg‘onistonda ahli sunna val jamoaning aksariyati tomonidan qabul qilingan hanafiy mazhabiga alohida e’tibor qaratilishi farmonlarning shar’iy asoslarini tan olingan va xalqning ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan fiqhiy maktab doirasida mustahkamlaydi.
Bunday yondashuvning Islom fiqhi tarixida ham o‘ziga xos ildizlari bor. Chunki turli hududlardagi musulmon hukmdorlar tartib-intizomni ta’minlash va ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida o‘sha hudud aholisining aksariyati qabul qilgan fiqhiy mazhabga tayanishgan.
Ushbu fiqhiy mezonning belgilanishi farmonlarni tarqoq va shaxsiy talqinlardan himoya qiladi hamda ularga yaxlitlik va amaliy tatbiq etish imkoniyatini beradi. Farmonlar asos jihatidan umumiy islomiy hukmlar tushunchasiga tayanadi, biroq amaliy tatbiq etilishida hanafiy fiqhi talqiniga asoslanadi. Umumiy shar’iy asos bilan amaliy tatbiq usuli o‘rtasidagi bu farq islomiy davlat boshqaruvi manhajida tabiiy va qabul qilingan tamoyildir. Shu tariqa farmonlar bir tomondan keng shar’iy asosga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan amaliy tatbiq uchun aniq va amal qilish mumkin bo‘lgan mezonga ega bo‘ladi.
4. Farmonlarning umumiy manfaat va adolat bilan bog‘liqligi
Chiqarilgan farmonlarda qavmchilik, mintaqachilik va tilchilikdan uzoq bo‘lish, shuningdek, kibr, g‘urur, zulm va xiyonatni taqiqlashga alohida urg‘u berilgan. Ushbu tushunchalar Islom fiqhida manfaat va adolat tamoyillari doirasida muhim o‘ringa ega.
Ahli sunna val jamoa faqihlari, xususan, Imom Shotibiy o‘zining fiqhiy manhajida manfaatni dunyoviy tushuncha sifatida baholamaganlar. Aksincha, uni shariat hukmlarini belgilashda Shori’ (qonun chiqaruvchi Zot) nazarda tutgan shar’iy maqsadlardan biri deb hisoblaganlar. Shu sababli Islom ummatining birligini saqlash, zulm va tafriqaning oldini olishga urg‘u beradigan farmonlar Maqosid ash-sharia (shariat maqsadlari) doirasida mustahkam shar’iy asosga ega bo‘ladi.
Bu nuqtayi nazardan, amirning farmoni shunchaki hukumat qarori emas, balki Alloh taolo tomonidan islomiy jamiyatning saodati va xavfsizligi uchun belgilangan shar’iy maqsadlarning ham ifodasidir. Shu tariqa Amirul-mo‘mininning (Alloh taolo uni asrasin) farmonlari asos, mezon va maqsad jihatidan ahli sunna val jamoaning fiqhiy va qadriyatlar tizimida mustahkam hamda izohlash mumkin bo‘lgan o‘ringa ega. Ular muqaddas shariat asosida islomiy jamiyatni samarali boshqarish uchun foydali namuna sifatida ko‘rilishi mumkin.
Umuman olganda, Amirul-mo‘mininning (Alloh taolo uni asrasin) farmonlarining diniy asoslari to‘rtta asosiy qismda mujassam: ibodat va muomalot o‘rtasidagi farq, diniy nasslarga asoslangan itoat tamoyili, ijroiy mezon sifatida hanafiy fiqhining manba maqomi hamda umumiy manfaat va adolat bilan bog‘liqlik.
Ushbu to‘rt qismni yagona va yaxlit tizimga birlashtiruvchi mustahkam asos Islom Amirligi rahbari ta’kidlagan ayni tamoyildir: farmon bir necha kishining insoniy qarashi emas, balki Alloh taoloning dinidir.
Bu tamoyil ahli sunna val jamoaning kalomiy manhajida kuchli e’tiqodiy asosga ega bo‘lib, Islom Amirligi farmonlarini insonlar saodati uchun Alloh taolo tomonidan joriy etilgan hukmlar va maqsadlar qatoriga kiritadi. Kobul ilmiy konferensiyasi ham aynan shu asoslarni yoritish va o‘rganish uchun qimmatli imkoniyatdir. Ushbu konferensiya shar’iy nasslar va ahli sunna val jamoaning fiqhiy manhaji asosida Amirul-mo‘mininning (Alloh taolo uni asrasin) farmonlari haqida yanada aniqroq va dalillarga tayangan tushuncha hosil qilish, diniy bilimlarni chuqurlashtirish hamda Islom ummatining birligini mustahkamlash yo‘lida foydali qadam bo‘lishi mumkin.












