Xolid Ahror
Psixologik va targ‘ibot urushi; zamonaviy dunyodagi o‘rni
Zamonaviy dunyoda psixologik va targ‘ibot urushi qurolli urushlar bilan bir qatorda eng muhim kurash turlaridan biri hisoblanadi. Bu urushlar insonning ongi, hissiyotlari va irodasini nishonga oladi hamda ko‘pincha ularning ta’siri va oqibatlari harbiy hujumlarnikidan ham chuqurroq va kengroq bo‘ladi. Psixologik urush shunday urush turiki, unda o‘qotar qurollardan foydalanilmaydi, biroq uning ta’siri ba’zan harbiy urushnikidan ham kuchliroq bo‘ladi. Bu kurash insonning tafakkuri, hissiyotlari, qo‘rquvi, umidlari va irodasiga qaratilgan bo‘lib, askarlar, ofitserlar, oddiy aholi va hatto o‘z kuchlarining ruhiyatini zaiflashtirish yoki mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladigan rejalashtirilgan sa’y-harakatlar majmuasidan iboratdir. Maqsad dushmanni ko‘plab o‘qlar otilishidan oldin mag‘lubiyatni tan olishga, taslim bo‘lishga yoki o‘z rejalarini o‘zgartirishga majbur qilishdir.
Psixologik urush turlari:
Oq psixologik urush: Bu turda to‘g‘ri va haqiqiy ma’lumotlar maqsadli usulda taqdim etiladi.
Qora psixologik urush: Bu usulda dushman haqida to‘liq yolg‘onlar, soxta xabarlar va uydirma ma’lumotlar tarqatiladi.
Kulrang psixologik urush: Bu turda haqiqat va yolg‘on aralashtiriladi; ma’lumotlarning bir qismi to‘g‘ri, boshqa qismi esa noto‘g‘ri bo‘ladi.
Psixologik urushning vositalari va usullari
Bu urushning eng muhim vositalari va taktikalariga baland ovoz, kuchli yorug‘lik va musiqa orqali uyquni buzish, soxta xabarlar va videolarni tarqatish, asirlardan targ‘ibot maqsadida foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda uyushtirilgan kampaniyalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘rquv muhitini kengaytirish va boshqa ko‘plab usullar kiradi.
Nima uchun psixologik urush samarali?
Chunki inson ongi hamma narsadan ko‘ra sezgirroqdir. Biror qo‘shin ruhiyati yemirilsa, hatto eng qudratli armiya ham parchalanish xavfi ostida qoladi. Biz mag‘lub bo‘lamiz, deb ishongan askar aslida jang maydoniga kirishidan oldin mag‘lub bo‘lgan hisoblanadi. Bugungi kunda psixologik urush davlatlarning milliy mudofaa tizimining bir qismi sanaladi va ko‘plab davlatlarda kecha-kunduz faoliyat yurituvchi maxsus psixologik operatsiyalar bo‘linmalari mavjud.
Targ‘ibot urushi
Targ‘ibot urushi bu markazida haqiqat va haqiqat haqidagi rivoyat turadigan kurashdir. Ya’ni qaysi tomon o‘z rivoyatini ustun qila olishi va dunyoni biz haqmiz, ular esa nohaq, deb ishontira olishi masalasidir.
Boshqacha aytganda, bu urush ma’lumotlar, rivoyatlar va hikoyalar orqali odamlarning ongini shakllantiradi, o‘z tomoniga qo‘llab-quvvatlov yaratadi va raqibini yomonotliq qiladi. Shu sababli targ‘ibot psixologik urushning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi.
Targ‘ibot nima?
Targ‘ibot yoki propaganda ommaviy axborot vositalari, san’at, ta’lim va madaniyat orqali jamoatchilik fikrini muayyan qarashni qabul qilish tomon yo‘naltirishga qaratilgan rejalashtirilgan va tizimli faoliyatdir. Targ‘ibot ham psixologik urush kabi oq, qora va kulrang turlarga bo‘linadi. Oq targ‘ibotda o‘z tomonining yutuqlari va muvaffaqiyatlari bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Qora targ‘ibotda ochiq yolg‘onlar, soxta suratlar, videolar va ovozlar tarqatiladi. Kulrang targ‘ibotda esa haqiqat bilan uydirma aralashtiriladi, ozgina haqiqat katta hajmdagi noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan qo‘shib beriladi.
Bugungi kunda targ‘ibot urushining zamonaviy vositalari misli ko‘rilmagan darajada xavfli va ta’sirchan bo‘lib qoldi. Endilikda har qanday tomon juda kam imkoniyat bilan va juda qisqa vaqt ichida ulardan raqibiga zarba berish uchun foydalanishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar, videolar va ovozlar, mashhur internet shaxslari, memlar, karikaturalar hamda ta’lim tizimi, ayniqsa tarix darsliklari ushbu kurashning eng muhim vositalaridan hisoblanadi.
Endi savol tug‘iladi: nega targ‘ibot shunchalik kuchli va u qanday qilib insonga oson ta’sir o‘tkaza oladi?
Javob shuki, inson rivoyat va hikoya bilan yashaydigan mavjudotdir. Agar siz biz qurbonmiz yoki biz qahramonmiz kabi ta’sirchan hikoya yarata olsangiz, ko‘plab odamlar sizga hamdard va hamfikr bo‘lib qoladi. Ko‘pincha voqeaning o‘zi emas, balki uning qanday hikoya qilinishi jamoatchilik fikrini shakllantiradi.
Avval aytilganidek, bugungi kunda targ‘ibot vositalari har qachongidan ham osonroq foydalaniladigan bo‘ldi. Ammo bu qulaylik bilan birga ularning xavfi ham bir necha barobar ortdi. Odamlar orasida nafrat va ishonchsizlikni kuchaytirish, yolg‘onni shunchalik keng yoyishki, natijada haqiqatga ham ishonilmay qolishi, yoshlarni ekstremistik g‘oyalarga undash va boshqa ko‘plab zararlar aynan shu yumshoq urushning oqibatlaridir. Bu urush qariyalar, yoshlar, ayollar, erkaklar va hatto bolalarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda targ‘ibot urushi harbiy to‘qnashuv boshlanishidan oldin boshlanadi va urush tugaganidan keyin ham davom etadi. Targ‘ibot maydonida ustunlikka erishgan davlat ko‘plab boshqa sohalarda ham muvaffaqiyat qozonishi mumkin.
Pokistonning psixologik va targ‘ibot urushi
Pokistonning psixologik va targ‘ibot urushi asosan Pokiston armiyasining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi (ISPR) hamda mamlakat razvedka tashkiloti (ISI) tomonidan muvofiqlashtirilgan holda boshqariladi va amalga oshiriladi. Ushbu ikki idora, ayniqsa Hindiston, Kashmir va Pokistonning ichki masalalariga oid mavzularda harbiy va davlat targ‘ibotini boshqarish hamda rasmiy rivoyatlarni shakllantirish uchun asosiy mas’ul hisoblanadi. Ushbu strategiyaning eng muhim vositalaridan biri ISPRning rasmiy axborot faoliyatidir. Mazkur boshqarma 1949-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va Pokiston armiyasining rasmiy axborot qanoti hisoblanadi. U bayonotlar, harbiy hisobotlar va targ‘ibot videolari orqali armiyaning rasmiy pozitsiyasini shakllantiradi va targ‘ib qiladi.
Bu idora televideniye, kino, Facebook, X (sobiq Twitter) Instagram, TikTok va bosma OAVdan foydalanib, Pokiston armiyasining ijobiy qiyofasini yaratishga, raqiblarini asosan Hindistonni va keyingi yillarda Afg‘onistonni beqarorlik uchun mas’ul qilib ko‘rsatishga hamda ichki noroziliklarni kamaytirishga harakat qiladi. Ushbu faoliyatlarning muhim qismi soxta akkauntlar, internet-botlar (Bots) va muvofiqlashtirilgan media kampaniyalari orqali olib boriladi. Bundan tashqari, Pokiston xorijdagi pokistonliklar, ayrim jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlardagi ta’sirchan shaxslardan ham jahon jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatish maqsadida foydalanadi.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar tarixan murakkab va tarang bo‘lib kelgan. Ayniqsa Pokistonning harbiy va razvedka idoralari uzoq yillardan beri Afg‘oniston ichki ishlariga ta’sir o‘tkazish uchun psixologik va targ‘ibot operatsiyalaridan foydalanib kelmoqda. Ko‘plab tahlilchilar buni Pokistonning strategik chuqurlik siyosatining bir qismi deb hisoblaydi. Ushbu siyosatning maqsadi Afg‘onistonda o‘ziga yaqin yoki qaram hukumatni shakllantirish hamda Hindistonning bu mamlakatdagi ta’sirini kamaytirishdan iborat, deb baholanadi. Bu urush asosan yolg‘on xabarlar tarqatish, maqsadli rivoyatlar yaratish, etnik va diniy hissiyotlarni qo‘zg‘atish hamda ixtilof va adovatni kuchaytirish orqali olib boriladi.
Afg‘oniston (Islomiy Amirlik) va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar
Afg‘oniston (Islomiy Amirlik) va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar 2021-yildan keyin sezilarli darajada yomonlashdi. Garchi Pokiston dastlab Islomiy Amirlik hokimiyatiga nisbatan ochiq e’tiroz bildirmagan bo‘lsa-da, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Islomobod Afg‘onistonda Tehrik-e Tolibon Pokiston (TTP) mavjudligi va faoliyat yuritayotgani haqidagi da’volarni ilgari sura boshladi. Bunga javoban Afg‘oniston Dyurand chizig‘i masalasidagi avvalgi pozitsiyasini saqlab qoldi. Pokiston Islomiy Amirlik TTP a’zolariga Afg‘oniston hududida boshpana berganini va ushbu guruh Pokistonga qarshi hujumlarini Afg‘oniston hududidan tashkil etayotganini da’vo qiladi. Aynan shu da’volar Pokistonning rasmiy narrativini mustahkamlash va siyosatini oqlash maqsadidagi muvaffaqiyatsiz psixologik hamda targ‘ibot kampaniyalarining kengayishiga zamin yaratdi.
Pokiston armiyasining rasmiy vakili ISPR muntazam ravishda Afg‘onistonni terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash, Dyurand deb ataluvchi chiziq xavfsizligini ta’minlamaslik va TTPni qo‘llashda ayblab keladi. Pokiston ichida har qanday hujum sodir bo‘lishi bilan ISPR tezda bayonot e’lon qilib, hujumlar Afg‘oniston hududidan rejalashtirilgan va buning uchun Islomiy Amirlik javobgar ekanini da’vo qiladi. Ular bu usuldan ichki ruhiyatni mustahkamlash hamda Pokistonni xalqaro jamoatchilik oldida terrorizm qurboni sifatida ko‘rsatish uchun foydalanadi.
Pokiston 2021-yildan buyon bir necha bor Afg‘oniston hududlarini havo hujumlariga nishon qilgan. Jumladan, 2025 va 2026-yillarda Nangarhor, Paktika, Kunar va Xo‘st viloyatlariga zarbalar berilgan. Pokistonning rasmiy targ‘ibotida bu hujumlar TTP va ISHID Xurosonga qarshi operatsiyalar sifatida taqdim etilib, qonuniy mudofaa va terrorizmga qarshi operatsiyalar deb ataladi. Ammo haqiqat shuki, bu hujumlar Pokiston talablarining qabul qilinmaganiga javob bo‘lib, mamlakatning g‘azabi va noroziligi tinch aholining qirg‘in qilinishi orqali namoyon bo‘lmoqda. Pokiston OAV bu hujumlarni muvaffaqiyat sifatida ko‘rsatadi, holbuki ular g‘alaba emas, balki Pokiston harbiy rejimi tomonidan sodir etilgan urush jinoyatlaridir.
Afg‘oniston hududiy daxlsizligini ochiq buzish bilan bir qatorda, Pokiston harbiy rejimi media va raqamli targ‘ibot sohasida ham bot-akkauntlar, muvofiqlashtirilgan xeshteglar va soxta xabarlardan foydalanib, Islomiy Amirlikni zaif hukumat va terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi sifatida ko‘rsatishga urinadi. Shuningdek, TTP yoki boshqa qurolli guruhlarning har bir hujumidan so‘ng hukumat va unga aloqador idoralar keng ko‘lamli targ‘ibot kampaniyalarini boshlaydi va Afg‘oniston terrorizm markaziga aylangan, Islomiy Amirlik o‘z majburiyatlarini bajara olmayapti degan tasavvurni singdirishga harakat qiladi. Holbuki, Pokistonning o‘zi Afg‘onistonga bosim o‘tkazish uchun qonuniy va noqonuniy vositalarning barchasidan foydalangan, hatto millionlab afg‘on muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yuborishni ham xavfsizlik zarurati deb izohlagan, ammo voqelik bundan boshqacha edi.
Bundan tashqari, Pokiston BMT va boshqa xalqaro yig‘ilishlarda Islomiy Amirlikni terrorizmga qarshi choralar ko‘rmayapti deb ayblaydi. Holbuki, Islomiy Amirlik hokimiyatga kelganidan buyon e’lon qilib kelayotgan siyosati shundan iboratki, Afg‘oniston hududidan hech bir shaxs yoki guruhning boshqa davlatlarga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va buning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rilgan.
Qisqacha aytganda, bu urush ko‘p qirrali kurashdir. Pokiston bir tomondan harbiy hujumlar uyushtirsa, ikkinchi tomondan ayblovlar va ruhiyatni susaytirishga qaratilgan psixologik urush hamda OAV orqali olib boriladigan targ‘ibot urushini ham davom ettirmoqda. Pokiston Islomiy Amirlikni TTPni jilovlashga majbur qilishga urinmoqda. Ammo barchaga ayonki, TTP Pokiston ichida shakllangan, o‘sha yerda tayyorgarlik ko‘rgan va faoliyatining asosiy qismini ham Pokiston hududida olib boradigan guruhdir. Shunga qaramay, Pokiston rejimining murosasizligi va qat’iy pozitsiyasi sababli ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar harbiy to‘qnashuv yoqasigacha yetib borgan.
ISHID psixologik va targ‘ibot urushidan qanday foydalanadi?
ISHID dunyodagi eng kuchli va ayni paytda eng shafqatsiz targ‘ibot mashinalaridan biriga ega edi. Ushbu guruhning tezkor muvaffaqiyatlarining katta qismi aynan shu targ‘ibot tizimi bilan bog‘liq edi. ISHID psixologik operatsiyalar va targ‘ibot orqali minglab yoshlarni o‘z saflariga jalb qildi, dushmanlari qalbiga qo‘rquv soldi hamda o‘zi istagan qiyofani dunyo jamoatchiligiga namoyish etdi. ISHID targ‘iboti shunchaki xabar tarqatish bilan cheklanmagan, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri psixologik qurol sifatida qo‘llanilgan. Guruh Gollivud mahsulotlariga o‘xshash yuqori sifatli professional videolar, jumladan «Urush alangalari» kabi filmlarni tayyorlab, o‘z xabarlarini tarqatgan. Shuningdek, jihodiy nashidlar, animatsiyalar, memlar va infografikalarni mintaqaviy hamda xalqaro tillarda e’lon qilgan.
ISHID g‘alaba obrazini yaratish uchun o‘z jangchilarini qahramon va haqiqiy mujohidlar sifatida ko‘rsatgan, dushmanlarini esa kofir va murtad deb atagan. Qo‘rquv uyg‘otish maqsadida bosh kesish, tiriklayin yoqish va qatl etish videolarini keng miqyosda tarqatgan. Shuningdek, musulmonlar birdamligini jalb qilish uchun Xalifalik nomidan foydalangan hamda adolat, xavfsizlik, farovonlik va haqiqiy jihod maydoni va’dalari orqali turli usullar bilan odamlarni o‘z safiga qo‘shishga harakat qilgan.
ISHID onglarni egallash urushini puxta boshqargan. Guruh Parij, Bryussel va boshqa G‘arb shaharlaridagi terror hujumlarini namoyishkorona va puxta rejalashtirib, dunyoga: Biz hamma yerdamiz va siz hech qayerda xavfsiz emassiz, degan xabarni yetkazishga uringan. Shu bilan birga, ayniqsa G‘arb mamlakatlaridagi yoshlarga shaxsiylik hissi va maqsad bag‘ishlab, Sen ham qahramon bo‘lishing mumkin, degan g‘oyani singdirgan. Bu kuchli psixologik ta’sir ko‘rsatib, ko‘plab yoshlarni ilhomlantirgan va ayrimlari aynan shu targ‘ibot ta’sirida G‘arb davlatlarida turli hujumlarni amalga oshirgan.
Avval aytilganidek, bugungi kunda psixologik va targ‘ibot urushi vositalari nihoyatda kengaygan va ulardan foydalanish osonlashgan. ISHID ham asosiy targ‘ibot faoliyatini ijtimoiy tarmoqlarga qaratgan edi. Facebook, Telegram, X (sobiq Twitter) va boshqa ko‘plab platformalarda yuz minglab akkauntlardan foydalangan. Albatta, bu barcha akkauntlar turli shaxslarga tegishli degani emas; aksincha, ko‘plab ISHID a’zolari bir vaqtning o‘zida bir nechta akkauntni boshqarib, targ‘ibot materiallarini yanada kengroq tarqatgan.
ISHIDning media faoliyati nihoyatda keng edi. Guruh video va audio materiallardan tashqari, yuqori sifatli dizaynga ega jurnal va kitoblarni ham chop etgan. Shuningdek, A’maq axborot agentligi orqali o‘z xabarlarini bir necha tilda juda tez tarqatgan. Bundan tashqari, urush maydonidagi eng ta’sirchan aloqa vositalaridan biri bo‘lgan radiodan ham foydalanib, FM stansiyalarini ishga tushirgan va o‘z xabarlari hamda targ‘ibotini auditoriyaga yetkazgan.
Endi savol tug‘iladi: nega ISHID targ‘ibot sohasida shunchalik muvaffaqiyat qozondi?
Birinchidan, guruh Xalifalik va Islom ummati kabi ta’sirchan shiorlar orqali dunyoning turli burchaklaridan malakali va tajribali mutaxassislarni o‘z nazorati ostidagi hududlarga jalb qila oldi. Ular o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga jalb etildi va bu ISHIDning targ‘ibot hamda media tizimini sezilarli darajada kuchaytirdi.
Ikkinchidan, guruhning tezkorligi muhim omil bo‘ldi. ISHID xabarlar, bayonotlar va boshqa media mahsulotlarini juda qisqa vaqt ichida e’lon qilar, auditoriyani jalb qilish va unga ta’sir ko‘rsatish usullarini yaxshi bilardi. Shu sababli u odamlarni osonlik bilan o‘z ta’sir doirasiga olib kirib, ularni o‘z maqsadlari yo‘lida safarbar qila olgan.
Garchi bugungi kunda ISHIDning da’vo qilingan xalifaligi qulagan va guruh mintaqada avvalgidek keng jismoniy mavjudlikka ega bo‘lmasa-da, onlayn xalifalik deb ataluvchi faoliyati hanuz davom etmoqda. Qisqacha aytganda, ISHID psixologik urush va targ‘ibotni harbiy qudrati qadar muhim deb bilgan. U onglarni egallasa, hududlarni egallash ham osonlashishini yaxshi tushungan edi. Bugungi kunda ayrim boshqa jihodiy guruhlar ham xuddi shu usullardan foydalanmoqda.
Ushbu maqolaning xulosasi shundan iboratki, psixologik va targ‘ibot urushi aslida «haqiqat haqidagi rivoyat» uchun kurashdir. Kim ta’sirchanroq va ishonarliroq rivoyatni taqdim eta olsa hamda odamlar ongini o‘ziga jalb qila olsa, ko‘plab maydonlarda ustunlikka erishadi. Bu urushlar faqat harbiy kuchga bog‘liq emas, balki ko‘proq aqliy, media va fikriy salohiyatga tayanadi. Shu sababli bugungi dunyoda ma’lumot ham harbiy qurollar kabi o‘ta xavfli va hal qiluvchi vositaga aylanganini unutmasligimiz kerak.










